Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonni suzuvchi almashuv kursi rejimiga o‘tgan davlat sifatida baholadi. Bu haqda jamg‘arma kelishuvlarining IV moddasi bo‘yicha XVJ Ijroiya kengashi xulosasida ma’lum qilindi.

Unda qayd etilishicha, valyuta kursining moslashuvchanligini oshirish bo‘yicha erishilgan ijobiy natijani saqlab qolish va uni valyuta bozori operatsiyalarini takomillashtirish orqali qo‘llab-quvvatlash zarur.

2025-yil aprel oyidan boshlab almashuv kursi yanada moslashuvchan bo‘lgani sababli, XVJ O‘zbekistonning amaldagi (de facto) almashuv kursi rejimini “crawl-like” (boshqariluvchan) dan “floating” (suzib yuruvchi) toifasiga qayta tasnifladi.

dollar kursi, valyutalar kursi, xvj, markaziy bank

XVJ ekspertlari ushbu moslashuvchanlikni saqlab qolishni tavsiya qildi. Bu iqtisodiyotning tashqi shoklarga moslashish qobiliyatini kuchaytiradi, xalqaro zaxiralarni himoya qiladi, valyuta xatarlarini sug‘urtalashni (xejirlash) rag‘batlantiradi hamda inflyatsion targetlash siyosatining samarali ishlashini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu maqsadda XVJning Pul-kredit va kapital bozorlari departamenti (MCM) tavsiyalarini amalga oshirish, jumladan, valyuta bozorining ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, tavakkalchilikka asoslangan aniq valyuta intervensiyasi strategiyasini joriy etish hamda ixtiyoriy intervensiyalarni kamaytirish tavsiya etildi.

Valyuta bozorida likvidlikni chuqurlashtirish Markaziy bankka likvidlikni yanada samarali boshqarish va sterilizatsiya xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Hisobotga ko‘ra, kapital harakati bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi rejalari amalga oshirilishi bilan bu masalaning ahamiyati yanada ortadi. Mazkur rejalar ham XVJning MCM departamenti texnik ko‘magi bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Avvalroq Spot iyun oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 10,1%, tadbirkorlarniki esa 9,9% darajasida o‘zgarishsiz qolgani haqida yozgan edi.