Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovda aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 10,1% ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

So‘rovda ishtirok etgan 3 785 nafar respondentning 56%i kelgusida narxlarga eng katta bosim kommunal xizmatlar narxining qimmatlashishi hisobiga yuzaga kelishini bildirgan. 46% yoqilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini, 27% transport xarajatlari ko‘payishini asosiy omillar sifatida qayd etgan.

Aholining 23%i ish haqi va nafaqalar oshishi, 22%i monopoliyalar va narxlarning sun’iy oshirilishi, 19%i asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi hamda 19%i valyuta kursi o‘zgarishi inflyatsiyaga ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori inflyatsion kutilma Toshkentda — 12% qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (11,9%) va Andijon (11,2%) viloyatlari joylashgan. Eng past ko‘rsatkich esa Xorazm (8,4%) va Navoiy (8,5%) viloyatlarida kuzatilgan.

Aholining eng yuqori inflyatsion kutilmalari maishiy xizmatlar sohasi vakillarida kuzatilib, 13% ni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda tibbiyot (11,9%), pensionerlar (11,7%), tashish xizmatlari (11,3%) va davlat tashkilotlari (11,2%) vakillari qayd etildi. Eng past kutilmalar esa bank-moliya va talabalar orasida kuzatilib, har ikkala guruhda 8,9% ni tashkil etdi.

Daromadlar kesimida eng yuqori inflyatsion kutilmalar oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega respondentlarda — 16,5% bo‘ldi. Undan keyin oyiga 10−15 mln so‘m oluvchilar kutilmalari yuqori (12,5%) shakllandi. Shuningdek, 15−20 mln so‘m daromad oluvchilarda bu ko‘rsatkich 11,5% ni tashkil etdi.

Aksincha, eng past inflyatsion kutilmalar oyiga 2 mln so‘mgacha daromad oluvchi aholi orasida kuzatilib, 8,2% ni tashkil etdi. 2−4 mln so‘m daromad oluvchilarda bu ko‘rsatkich 9,5% bo‘ldi, daromadga ega emas bo‘lgan respondentlar esa 9,3% ni tashkil etdi.

Bundan tashqari, 1 911 nafar tadbirkorning kelgusi davr uchun inflyatsion kutilmalari 9,9% darajasida shakllandi. Narxlar oshishi borasidagi asosiy xavotir ularda ham kommunal xizmatlar qimmatlashishi bo‘ldi — 58%.

Biznes vakillarining 51% yoqilg‘i va energiya resurslari narxining oshishini, 37% transport xarajatlarining ko‘payishini qayd etgan. Shuningdek, 24% tadbirkor ish haqi va nafaqalar oshishi, 23%i xomashyo narxlarining qimmatlashishi, 19%i soliq yukining yuqoriligi hamda 18%i valyuta kursi o‘zgarishini inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi omillar sifatida baholagan.

Kutilmalar eng yuqori madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarda (11,7%) qayd etildi. Shuningdek, tashish xizmatlari (11,6%) va qurilish (11,2%) sohalari yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etdi. Ishlab chiqarish sohasida kutilmalar eng past ko‘rsatkich — 9% ni tashkil etdi.

Jizzax viloyatidagi tadbirkorlar eng yuqori inflyatsiyani kutmoqda — 11,4%. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri (11%) va Sirdaryo viloyati (10,9%) turibdi. Eng past ko‘rsatkich Buxoro (8,1%) da, undan keyin Navoiy (8,5%) va Namangan (8,9%) viloyatlarida qayd etilgan.

Avvalroq Spot iyun oyida inflyatsiya energiya tariflari va ko‘mir narxi oshishi fonida tezlashgani haqida yozgan edi.