Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-oktabr kuni moliyaviy jarimalarni qo‘llash va ularni qaytarish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat tadbirkorlarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llash, ularni ixtiyoriy to‘lash va soddalashtirilgan tartibda undirishning yagona, aniq va shaffof mexanizmini belgilashga qaratilgan. Qonun loyihasi avgust oyida Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan edi.
Xususan, tadbirkor jarima qo‘llanganidan keyin bir oy ichida uning 50% ini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, moliyaviy jarimani tegishli qaror qabul qilinganidan keyin olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan. Qonun loyihasi moliyaviy javobgarlikka tortish tartibini ham soddalashtiradi.
Bundan tashqari, jarima haqidagi qaror bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibi takomillashtiriladi. Mablag‘lar imkon qadar qisqa muddatda to‘liq qaytarilishi kerak.
Agar davlat organi qaytarishni kechiktirsa, har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining 1/300 qismi miqdorida foizlar to‘lanishi ko‘zda tutilgan (hozirda 0,0467% — Spot).
Ayni paytda qonun loyihasi Senat ko‘rib chiqishiga yuborilgan. Senat ma’qullaganidan so‘ng hujjat kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganida adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov hozirda qariyb 40 ta davlat organi jarima solish vakolatiga ega ekanini ma’lum qilgan. Biroq ularni qo‘llash, ixtiyoriy to‘lash va shikoyat qilish bo‘yicha yagona tartib mavjud emas.
2024-yilda tadbirkorlar 95 mingdan ortiq moliyaviy jarima uchun jami 11,5 trln so‘m to‘lagan. 2025-yilda moliyaviy sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha qarorlar soni 23% ga oshib, 117 mingtaga yetgan, jarimalar summasi esa 60% ga ko‘payib, 18,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Tadbirkorlar jarimalarni ixtiyoriy to‘lamagani sababli nazorat organlarining 11 mingdan ortiq qarori ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilgan. Shu bilan birga, ularning atigi %i yuqori instansiya sudlarida nizolashilgan.
18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga qo‘llaniladigan barcha jarimalar miqdorini kamida ikki baravar kamaytirishni topshirdi.
Shuningdek, qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilgan va insonlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, jarima o‘rniga ogohlantirish berish tizimini joriy etishni e’lon qildi.
Bundan biroz oldin imzolangan qonunda tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llanganidan keyin bir oy ichida uning 50% ini to‘lash orqali chegirmadan foydalanish imkoniyati belgilangan. Shuningdek, jarimalarni olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan.
Avvalroq Spot Senat muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar miqdorini oshirishni ma’qullagani haqida yozgandi.