Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga oid ikkita qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi xalqaro talablar asosida aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashning yagona tamoyillarini belgilaydi.

Hujjat tadbirkorlarning mahsulotlarni xavfsiz ishlab chiqarish, saqlash va muomalaga chiqarish bo‘yicha majburiyatlari hamda javobgarligini nazarda tutadi.

Shuningdek, qonunchilikka zarur gigiyena, ishlab chiqarish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi amaliyoti kabi yangi tushunchalar kiritiladi. Ushbu sohada vakolatli davlat organining vazifalari, vakolatlari va majburiyatlari ham aniqlashtiriladi.

Qonunga ko‘ra, hayvonlardan olinadigan mahsulotlar va xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablar vakolatli davlat organining saytida e’lon qilinishi kerak.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun aholining sifatli va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlanish huquqini kafolatlash, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda mahalliy oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Senat, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligiga oid Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdi. Senatorlar fikricha, bu o‘zgarishlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetishining oldini olishga yordam beradi.

Xususan, yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun qabul qilish va sotish, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi yoki yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart bo‘lgan mahsulotlarni ushbu ma’lumotlarsiz sotish uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar aholi salomatligiga xavf tug‘diradigan mahsulotlarni o‘z vaqtida muomaladan chiqarishga qaratilgan.

Qonun loyihasi iyun oyida Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan, iyul oyi boshida esa deputatlar uni yakuniy o‘qishda qabul qilgan.

Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga — raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishga oid qismiga o‘zgartirishlarni ham o‘z ichiga oladi.

Amaldagi 178-moddaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan yoki noma’lum bo‘lgan mahsulotlarni sotish uchun qabul qilganlik uchun quyidagi jarimalar belgilangan:

  • birinchi marta qoidabuzarlik sodir etilganda: fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (1,236 mln — 4,12 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,884 mln — 4,12 mln so‘m) jarima solinadi. Huquqbuzarlik predmetlari musodara qilinadi;
  • bir yil ichida takroran sodir etilganda: fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 mln — 4,12 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 mln — 8,24 mln so‘m) jarima belgilanadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda shirin ichimliklardagi shakar haqida ogohlantirish joriy qilinishi haqida yozgandi.