Soliq qo‘mitasi korxonalarning soliq holatini sun’iy intellekt yordamida tahlil qiluvchi modulni ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

“Ekspress-audit” xizmati soliq sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash uchun mo‘ljallangan. Xizmat tadbirkorlar uchun AI Soliq platformasida mavjud.

Modulda korxona haqidagi asosiy ma’lumotlar, jumladan, soliq rejimi va barqarorlik reytingidagi bahosi ko‘rsatiladi. Shuningdek, u ikki bo‘limdan iborat:

  • “Soliq majburiyatlari” — soliq hisobotlarini topshirish, soliqlarni to‘lash va qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar.
  • “Kamchiliklar va tavsiyalar” — bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgani, soliq majburiyatlari va to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutlar hamda boshqa muammolar haqidagi ma’lumotlar.

Tezkor tahlilni boshlash uchun ekspress-audit panelidagi “Boshlash” tugmasini bosish kerak. Modul chat shaklida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.

Foydalanuvchilar muayyan yo‘nalish bo‘yicha ham tahlil o‘tkazishi mumkin. Masalan, soliq qarzdorligi mavjud bo‘lsa, qarz summasi soliqlar turlari va to‘lanmaganlik uchun hisoblangan penyalar kesimida jadval shaklida ko‘rsatiladi.

Tadbirkor ma’lumotlarni tahlil qilish davrini va summalarni hisoblash valyutasini tanlashi mumkin.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘rnatilgan chatbotga o‘z savollarini yozishi yoki ovozli so‘rov yuborishi mumkin.

Tizim shrift o‘lchamini o‘zgartirish va javoblarni avtomatik ovozli o‘qib berish imkoniyatlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Modul avvalgi so‘rovlarni saqlaydi va ularga qayta murojaat qilish imkonini beradi.


Avvalroq Spot Sirdaryoda tadbirkorga hisoblangan 911 mln so‘mlik soliq, penya va jarima sudda bekor qilingani haqida yozgandi.