Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi S.G.F. korxonasiga hisoblangan 911 mln so‘mlik soliq, penya va jarima sud qarori bilan bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Korxona rahbari qo‘shimcha hisoblangan soliq va moliyaviy jarimani bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Guliston shahar soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan soliq auditi natijasida jamiyatga 2023−2024-yillar uchun 645,3 mln so‘m yer solig‘i, 136,7 mln so‘m penya hamda Soliq kodeksining 224-moddasiga asosan 129 mln so‘m moliyaviy jarima hisoblangan.

Biroq mazkur yer maydoniga bo‘lgan huquq avvalroq sud qarori bilan bekor qilinib, yer tuman zaxirasiga qaytarilgan. Tegishli ma‘lumotlar tizimda texnik kechikish bilan aks ettirilgani sababli korxonaga soliq hisoblangan.

Shundan so‘ng Biznes-ombudsman devoni xodimlari tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida Guliston tumanlararo ma‘muriy sudiga ariza kiritgan.

Sud ish holatlarini o‘rganib chiqib, Biznes-ombudsmanning arizasini qanoatlantirdi hamda Guliston shahar soliq inspeksiyasining qarorini haqiqiy emas deb topdi.

Spot avvalroq Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng 6,75 mlrd so‘mlik xato chekni tuzatishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.