Germaniya hukumati 13 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash va o‘smirlar uchun ham yoshga qarab cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniya federal hukumatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Bu tashabbus bolalarni internetdagi zararli kontent, kiberbulling va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik xavfidan himoya qilishga qaratilgan.
Taklifga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmagan bolalarning TikTok, Instagram va Snapchat kabi platformalardan foydalanishi cheklanishi mumkin.
Faqat bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan platformalarga ruxsat beriladi. 13−18 yoshdagi o‘smirlar uchun esa yoshga mos bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hukumat ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilarni ilovada uzoqroq vaqt qolishga undaydigan funksiyalarni cheklashni taklif qilmoqda.
Jumladan, cheksiz aylantirish (infinite scroll) kabi funksiyalarni tartibga solish va tavsiya algoritmlarini dastlabki holatda o‘chirib qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bu bolalarning platformalardan ortiqcha foydalanishini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalish — foydalanuvchilarning yoshini ishonchli tekshirish tizimini yaratish. Rejaga ko‘ra, 2027-yildan boshlab Germaniyada Yevropa raqamli identifikatsiya hamyoniga asoslangan “
d-you”tizimi orqali yoshni tasdiqlash imkoniyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, bolalar va ota-onalarning raqamli savodxonligini oshirish, maktab o‘quvchilariga sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish ham rejalashtirilmoqda.
Hozircha bu tashabbus yakuniy qonun sifatida kuchga kirmagan. Hukumat chora-tadbirlarning asosiy yo‘nalishlarini ma’qullagan, cheklovlarning aniq muddati va qo‘llash tartibi esa keyingi qonunchilik jarayonlariga bog‘liq.
Turkiya 1-noyabrdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashi haqida xabar berilgandi.
Katta yoshdagi o‘smirlar uchun esa platformalar kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini joriy etishi, xususan, jonli efirlarni taqiqlashi kerak.
Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash
27-iyun kuni O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.
18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi.
Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.
Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.
Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.
Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.
15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.
Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
2026-yil fevral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.
Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.
Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80% i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.
May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.
Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.
Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.