O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda 26-iyun kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng vazir E’zozxon Karimova Gazeta muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Jurnalist dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan Qozog‘istonda ham voyaga yetmaganlarning telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash tashabbuslari boshlanganini eslatib, O‘zbekistonda ham shunday choralar ko‘rilishi mumkinmi, deb so‘radi.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazilgan hamda qonun loyihasi ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

“Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”, — deydi vazir.

U bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligi, ammo undan foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini qayd etdi.

“Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz”, — deydi E’zozxon Karimova.

18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi.

Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.

Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.

Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.

15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.

Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.

Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.

Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.

May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.

Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.


Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.

Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.