Avvalroq Spot O‘zbekistonda fuqarolarga pensiya tayinlash bo‘yicha xizmatlarni ixchamlashtirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingani haqida yozgan edi.

Hujjat bilan hukumatning 2022-yil oktabrdagi qaroriga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va boshqa qulayliklarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, 2005−2016 yillarda ishlagan fuqarolar biror tashkilotda ishlagan bo‘lsa va bu haqida mehnat daftarchasida yozuvlar mavjud bo‘lsa, shuningdek, ish beruvchi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga kalendar yil davomida kamida bir marta majburiy badal o‘tkazgan bo‘lsa, ushbu davr ish stajiga kiritiladi. Bunda arxiv ma’lumotnomasini taqdim etish talab qilinmaydi.

Shuningdek, fuqaroning 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga qarab turgan davrini pensiya hisoblashda ish stajiga qo‘shishda elektron tibbiy xulosaning o‘zi asos bo‘ladi. Fuqarodan bolaga qarab turilganligi to‘g‘risida ortiqcha hujjat talab etilmaydi.

Pensiyaga qo‘shib hisoblanadigan ustama haqlardan eng yuqori miqdori endi proaktiv, ya’ni fuqaro murojaatisiz qo‘shib hisoblanadi.

Bundan tashqari, pensioner yashash manzilini o‘zgartirsa, pensiyasini ko‘chirish uchun istalgan Davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berishi mumkin.

Avvalroq Spot ayrim ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanishi haqida yozgan edi.