Toshkent xalqaro moliya markazida (TXMM) yangi birja yaratish rejalashtirilmayapti. Bu haqda Prezident Administratsiyasi loyiha koordinatori Nodirjon Jo‘rayev Silk Road Finance & Technology Forum anjumanining panel munozarasida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda TXMM doirasida kapital bozorini rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Rasmiylar markazda nafaqat milliy, balki xalqaro birjalarning ham faoliyat yuritishiga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Biz yangi birja yaratish haqida o‘ylamayapmiz, aksincha, milliy birjamizga TXMMda ishlashga ruxsat bermoqchimiz”, — dedi Jo‘rayev.
U boshqa xalqaro birjalarning ham faoliyat yuritish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
“Ehtimol, u yerda nafaqat milliy birjamiz faoliyat yuritadi, balki biz boshqa xalqaro birjalarning ham TXMM doirasida ishlashiga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz. Biz bu masalani o‘ylayapmiz va u hali ochiqligicha qolmoqda”, — deya ta‘kidladi PA vakili.
10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Spot, avvalroq, TXMM va Enterprise Uzbekistan $20−25 mlrd jalb qilish uchun 2027-yilda ishga tushirilishi haqida yozgandi.
