Prezident 10-iyul kuni “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, bu joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri va qariyb 10 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan tizimli islohotlarning mantiqiy natijasidir.
Mirziyoyeva endi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rasman Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlanganini qayd etdi.
Markaz Angliya huquqi asosida, alohida huquqiy maqomga ega bo‘lgan hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zining maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi hamda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy muhitiga ega bo‘ladi.
“Global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari aynan mana shunday shaffof mexanizmlar bilan ishlashga o‘rgangan. Mazkur yangi regulyatorlik ekotizimi xalqaro kapital, zamonaviy moliya xizmatlari va yirik transmilliy loyihalar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshirishi kutilmoqda”, — deb yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Saida Mirziyoyeva ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiya bo‘lganini taʼkidladi.
“Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalarni hamda kapitalning eng yuqori darajadagi himoyasini kafolatlagan holda, jahon moliya tizimining uzviy qismiga va butun mintaqa iqtisodiy rivojining yetakchi drayveriga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Deputatlar 2-iyun kuni Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qullab, Senatga yuborgan edi. Biroq Senat majlisida qonun qayta ishlash uchun qaytarilib yuborilgan edi. Senatorlar investorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro tijorat sudi vakolatlari hamda ayrim normalarni aniqlashtirish zarurligini ta’kidlagandi. Hujjat kelishuv komissiyasi ishtirokida qayta ishlab chiqilishi belgilangan edi.
9-iyul kuni esa Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.
Moliya markazi
Mart oyida Shavkat Mirziyoyev ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohasini tartibga soluvchi Markaz hududida tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi beriladi.
Markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya sudidan iborat bo‘ladi.
Hujjat bilan yangi tuzilma zimmasiga yuklatilgan vazifalar ro‘yxati, TXMM ishtirokchilarining huquqlari va ularga taqdim etiladigan imtiyozlar tasdiqlandi. Shuningdek, unda bir qator tashkiliy masalalar ham ko‘zda tutilgan.
Markaz Tashkent City majmuasining Islom Karimov shohko‘chasi, Yangi Toshkent tor ko‘chasi va O‘qchi ko‘chasi oralig‘idagi hududni egallaydi. TXMM hududidagi binolar Markazning boshqaruv organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida ijaraga beriladi. Boshqaruv organlari esa o‘z navbatida ularni Markaz ishtirokchilariga subijaraga topshiradi.
Asosiy vazifalar
TXMM vazifalari ro‘yxati to‘rtta yo‘nalishni qamrab oladi: investitsiyalarni jalb etish, kapital bozorini rivojlantirish, moliya xizmatlari sohasini rivojlantirish, innovatsiyalar va professional xizmatlar ekotizimini yaratish.
- Investitsiyaviy yo‘nalishda “qulay, shaffof, raqobatbardosh huquqiy va institutsional muhit” yaratilishini ta‘minlash, shuningdek, korxonalarning zamonaviy moliya xizmatlari sohasiga kirib kelishini soddalashtirish rejalashtirilgan.
- Kapital bozori yo‘nalishi uning jahon maydonchalari bilan integratsiyalashuvini, qimmatli qog‘ozlar savdosi sohasini va bozorning boshqa segmentlarini jadal rivojlantirishni nazarda tutadi.
- Moliya xizmatlari sohasidagi vazifalar bank va sug‘urta xizmatlari, islomiy moliya, fintex, elektron tijorat, raqamli va kriptoaktivlar bozorini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
- Shuningdek, moliya, audit, konsalting, yuridik xizmatlar sohasida zamonaviy ekotizim yaratish, xorijiy moliya institutlari ko‘magida tartibga solish va nazorat qilish sohalarida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Huquq va preferensiyalar
TXMM ishtirokchilari chet el fuqarolarini mehnat faoliyatiga ruxsatnoma olmasdan ishga qabul qila oladi. Ularga shartnomalarga muvofiq pul majburiyatlarini (hisob-kitoblar, ish haqi to‘lash va h.k.) xorijiy valyutalarda yoki kriptoaktivlarda bajarishga ruxsat etiladi.
Markaz xodimlari va ishtirokchilari, shuningdek, ularning oila a‘zolari uchun kirish vizalari maxsus tartibda 5 yilgacha muddatga beriladi.
Shuningdek, Markaz ishtirokchilari Markaz hududidagi faoliyatdan olingan kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish huquqiga ega. Soliq organlari va Markaz o‘rtasidagi soliqqa oid munosabatlar TXMMning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2076-yil 1-yanvarga qadar TXMM hududida bir qator soliq imtiyozlari amal qiladi:
- boshqaruv organlari va ishtirokchilarning Markaz hududida ko‘rsatilgan xizmatlardan (kriptobirjalardan tashqari) olgan daromadlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
- Markaz organlari foydalanuvidagi obyektlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi;
- TXMM ichida foydalanish yoki iste‘mol qilish uchun olib kiriladigan tovarlardan import bojlari undirilmaydi.
Markazda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ish haqi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. O‘zbekiston rezidentlari uchun 7% lik soliq stavkasi amal qiladi.
TXMM ishtirokchisi bo‘lgan kompaniyalardagi ulushlarni sotishdan olingan daromadlar soliqlardan ozod qilinadi. Toshkent fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga (birja kotirovka varag‘i) kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni sotishdan, shuningdek, ular bo‘yicha dividendlar va foizlardan soliq undirilmaydi.
Bundan tashqari, Markaz hududida farmonda nazarda tutilgan faoliyat turlari (sug‘urta, moliya, investitsiya, bank ishi, to‘lov tizimlari, fintex va h.k.) uchun QQSdan ozod etish joriy etilmoqda.
Avvalroq Spot Senat Enterprise Uzbekistan markazi haqidagi qonunni qaytargani haqida yozgan edi.