Senat yalpi majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonunni ko‘rib chiqib, qayta ishlash uchun qaytardi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining maqomi va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilanmoqda.

Shu bilan birga, markaz organlari va ishtirokchilari, faoliyatining huquqiy asoslarini, investitsiya faoliyatini amalga oshirish, Tartibga solish qumdonini joriy etish, davlat xizmatlari ko‘rsatish, mehnat munosabatlari, soliq, bojxona va valyuta sohalaridagi maxsus tartiblarni belgilashga qaratilgan normalar ham qonunda belgilangan.

Majlisda senatorlar Raqamli texnologiyalar markazida joriy qilinayotgan maxsus huquqiy rejim haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Muhokama davomida qonunning ayrim normalarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Xususan, markaz boshqaruv kengashi hamda markaz maʼmuriyatining iqtisodiy va tartibga solish choralarini qo‘llash sohasidagi vakolatlarini qo‘shimcha ravishda kengaytirish, investorlar huquqlari va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari xalqaro standartlar asosida yana-da kuchaytirish lozimligiga eʼtibor qaratildi.

Senatorlar fikricha, mazkur takliflarni inobatga olgan holda ushbu Konstitutsiyaviy qonun ustida puxta ishlash investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda markazning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan uni Qonunchilik palatasiga qaytarish taklif etildi. Senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi tuzilib, hujjat manfaatdor idoralar ishtirokida qayta ishlab chiqiladi.

2024-yilning fevralida IT Parkda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Raqamli texnologiyalar sohasida tartibga solish qumdoni tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy qilinishi belgilangandi.

Joriy yil martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Enterprise Uzbekistan markazi uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi aytilgandi. Tartibga solish “qumdoni” doirasida ish haqini xorijiy valyutada to‘lash va ma‘lumotlarni qayta ishlashda bulutli texnologiyalardan foydalanishga ruxsat berilishi taʼkidlangan.

Aprel oyida Qonunchilik palatasida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Iyun oyida Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni ham yalpi majlisda ko‘rib chiqib, Qonunchilik palatasiga qaytargan edi.


Spot, avvalroq, haydovchilari soni cheklanmagan avtosug‘urtani rasmiylashtirishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.