Qonunchilik palatasida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat orqali Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (Enterprise Uzbekistan) faoliyatini alohida hududda maxsus qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, markaz hududida maxsus huquqiy rejim joriy etilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash hamda tadbirkorlik tartib-taomillari soddalashtiriladi.

Ayrim faoliyat turlari 2100-yilgacha soliqlardan ozod qilinib, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirish uchun yengillashtirilgan bojxona tartibi qo‘llanadi.

Shuningdek, markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun yagona darcha tizimi joriy etilib, intellektual mulk hamda investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari yaratiladi.

Shu bilan birga, davlat organlari bilan hamkorlikning aniq tartiblari belgilanib, biznes yuritishdagi ma‘muriy to‘siqlar qisqartiriladi.

Markaz ishtirokchilari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda nizolarni hal etishda xalqaro huquq normalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va dolzarbligi yuzasidan fikrlarini bildirdi.

2024-yilning fevralida IT Parkda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Raqamli texnologiyalar sohasida tartibga solish qumdoni tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy qilinishi belgilangandi.

Joriy yil martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Enterprise Uzbekistan markazi uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi aytilgandi. Tartibga solish “qumdoni” doirasida ish haqini xorijiy valyutada to‘lash va ma‘lumotlarni qayta ishlashda bulutli texnologiyalardan foydalanishga ruxsat berilishi taʼkidlangan.

Spot, avvalroq, Toshkent xalqaro moliya markazi Tashkent City’dagi davlat banklari binolarida joylashishi haqida yozgandi.