1-dekabr kuni prezident Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonini qabul qildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, markaz (International Digital Technology Center — “Enterprise Uzbekistan”) “IT Park” hududida faoliyat yuritadi hamda raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘ladi.
Markazda raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalar, xizmatlar va biznes mahsulotlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “tartibga solish qumdoni” yo‘lga qo‘yiladi.
2024-yilning 1-iyunidan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga “Enterprise Uzbekistan"da eksperiment tarzida xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- bojxona va soliqqa tortish;
- mehnat munosabatlari;
- moliya va bank faoliyati;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
- intellektual mulkni himoya qilish;
- tijorat va fuqarolik nizolarini ko‘rib chiqish belgilandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi maxsus huquqiy rejimni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Dekabrda prezident “IT Park” hududida Angliya huquqini joriy etish taklifini bildirgandi. Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilish topshirildi.
Yanvar oyi boshida hukumat qarori bilan texnopark rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritildi. Rezidentlarga multimedia va dizayn xizmatlari, kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish kabilarga ruxsat berildi.