Oliy Majlis Senati Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni yalpi majlisda ko‘rib chiqib, Qonunchilik palatasiga qaytardi.

Qonun mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Hujjat Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, uning faoliyatini tartibga soluvchi asosiy prinsiplar, boshqaruv tizimi, vakolatlari, shuningdek, institutsional tuzilmasini nazarda tutadi. Hududda investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasiga oid normalar belgilanmoqda.

Senatorlar Moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtaldi. Markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish vizalar olishda soddalashtirilgan maxsus tartiblar belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Muhokama davomida qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish takliflari bildirildi.

Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablar, sudning har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish kabi masalalarni qayta ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, mazkur takliflarni inobatga olgan holda qonun ustida puxta ishlash investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda Toshkent xalqaro moliya markazining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish bo‘yicha xulosaga kelindi.

Shu bilan birgam senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda uni qayta ishlash belgilandi.

Muhokama yakunida Senatning hujjatni takomillashtirish yuzasidan qarori qabul qilindi.

Deputatlar 2-iyun kuni Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qullab, Senatga yuborgan edi. Markaz hududida Angliya va Uels huquqi amal qiladi, alohida tijorat sudi tashkil etiladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yer ijarasi muddati 49 yilgacha uzaytirilishi haqida yozgan edi.