2-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ma’qullab, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasida moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim aniq belgilangan. Jumladan, markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar keltirilgan.
Majlisda dunyoning yetakchi moliya markazlari — Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC), Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) va Singapur tajribasi atroflicha o‘rganilgani ta’kidlandi. Qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi belgilanayotgani qayd etildi.
Shuningdek, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Boshqarma litsenziyalash, nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi. Tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.
Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, 5 yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi ham nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, hududda soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi.
Qonun loyihasi bilan Konstitutsiya va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda. 131-moddaga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa, huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida keng muhokamalardan o‘tkazilgani, takliflar asosida bir qator tahririy va yuridik tuzatishlar kiritilgani, ayrim normalar takomillashtirilgani qayd etildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sifatsiz mahsulotlarni almashtirish jarayonini tezlashtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.