Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 14-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi maʼqullandi.

Amaldagi qonunchilikda nuqsonli tovarni almashtirish jarayonida tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish asoslari va tartib-taomillari aniq belgilanmagan. Bu tovarni almashtirish muddatining asossiz cho‘zilishiga, natijada esa iste‘molchilarning haqli e‘tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur loyiha bilan “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun ning 14-moddasi tegishli normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Unga ko‘ra, isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishi, tuzilishi yoki tarkibiga oid kamchilikni aniqlasa, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi uni xuddi shunday markadagi tovarga darhol almashtirib berishi shart bo‘ladi. Hozirda buning uchun 7 kunlik muddat belgilangan.

Loyihada qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish asoslari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Jumladan, tovardagi nuqsonlar iste‘molchiga tovar realizatsiya qilinganidan keyin saqlash yoki foydalanish qoidalarining buzilishi, yoxud uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlarda qo‘shimcha tekshiruv o‘tkaziladi.

Mahsulot sifatini qo‘shimcha tekshirish bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan qoplanadi.

Biroq, tekshirish natijasida tovarda nuqson mavjud emasligi yoki nuqson iste‘molchining qoidalarni buzishi yoxud uchinchi shaxslar harakati oqibatida kelib chiqqanligi aniqlansa, ushbu xarajatlar iste‘molchi tomonidan qoplanishi belgilanmoqda.

Hujjatda iste‘molchining huquqlari ham aniq belgilab qo‘yilyapti.

Xususan, u shaxsan yoki o‘z vakili orqali tovar nuqsonining kelib chiqish sabablarini tekshirish jarayonida ishtirok etish, tekshiruv vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinishi hamda o‘z mablag‘lari hisobidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Qonun loyihasi Senatga yuborildi.