Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya jalb qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yirik tibbiyot muassasalarini qurish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Ayni paytda sohada umumiy qiymati $2,7 mlrd bo‘lgan 35 ta investitsiya loyihasidan iborat portfel shakllantirilgan. Ular yangi ixtisoslashgan markazlar va ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurish, mavjud muassasalarni zamonaviy jihozlash hamda tibbiy kadrlar tayyorlashni qamrab oladi.
Jumladan, Milliy onkologiya markazi, Respublika nevrologiya va insult markazi, Toshkent viloyatida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryoda yangi shifoxonalar va Nukusda onalar va bolalar markazini qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Termizda tibbiy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Samarqandda davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli shifoxona va Buxoro viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan to‘qqizta istiqbolli loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Ular nevrologiya va insult, ruhiy salomatlik, narkologiya, bolalar onkologiyasi va gematologiyasi, shoshilinch tibbiy yordam hamda tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Taqdimotda sog‘liqni saqlash sohasini 2040-yilgacha rivojlantirishga mo‘ljallangan investitsiya strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Bunda amaldagi loyihalar xatlovdan o‘tkazilib, ularning dolzarbligi va amalga oshirish imkoniyatlari baholanadi. Keyinchalik hududlar ehtiyojiga mos loyihalar tanlanib, yagona investitsiya portfeli shakllantiriladi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida ayrim xizmatlarni xususiy tashkilotlardan xarid qilish — autsorsing tizimini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Kelgusi yildan joriy etiladigan yangi tartib doirasida xizmatlar hajmi va sifati oldindan belgilanib, natijalar aniq mezonlar asosida baholanadi. 2030-yilgacha tibbiy xizmatlar xaridida autsorsing ulushini 30% ga yetkazish maqsad qilingan.

Jarayon shaffofligini ta’minlash uchun “Tibbiyot autsorsingi” elektron tizimi joriy etiladi. Unda xizmatlar, ijrochilar va shartnomalar reyestri yuritilib, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi, sifati hamda to‘lovlar nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, yirik tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni ochiq tanlov asosida jalb qilish rejalashtirilgan. Ularning faoliyati har yili belgilangan natija ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanadi. 2030-yilgacha beshta yirik muassasada ushbu boshqaruv tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Prezident mas’ullarga investitsiya strategiyasi va loyihalarni master-reja asosida puxta ishlab chiqish, shuningdek, amaldagi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq Spot tibbiy xizmatlarni autsorsingga berish va xususiy sektor bilan 5 yillik shartnomalar taklif etilgani haqida yozgandi.