Apple kompaniyasi ikkita kompyuterining — monoblok iMac va MacBook Pro noutbukining yangi versiyalarini taqdim etdi.
Har ikkala qurilma Kupertinoda joylashgan kompaniyaning M6 chiplaridan foydalanadi va macOS 27 operatsion tizimida ishlaydi. Oldindan buyurtmalar 28-oktabrdan qabul qilinadi, ochiq savdolar esa 6-noyabrdan boshlanadi.
iMac
Yangilangan kompyuter 24 dyuymli (60,96 sm), 4,5K aniqlikdagi Retina displeyga ega bo‘ldi. Ekran yorqinligi 500 nitni tashkil etadi va True Tone texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu texnologiya rang haroratini atrof-muhit yoritilishiga mos ravishda sozlaydi.
Kichik konfiguratsiyada 10 yadroli markaziy va grafik protsessorlar, yuqori konfiguratsiyada esa 12 yadroli protsessorlar mavjud. Har ikki variantda neyron tezlatkichlar hamda sun’iy intellekt bilan bog‘liq amallar tezligini oshiruvchi, ikki baravar 16 yadroli Neural Engine tizimi o‘rnatilgan. Xotira o‘tkazuvchanligi 170 GB/s gacha yetadi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, M4 chipli iMac bilan taqqoslaganda grafik ishlash unumdorligi ikki baravar, qurilmaning o‘zida bajariladigan sun’iy intellekt vazifalarining tezligi esa besh baravar oshgan.
Shuningdek, monoblok Center Stage funksiyasiga ega 12 megapikselli veb-kamera, uchta mikrofon va oltita dinamik bilan jihozlangan. Qurilma Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Kichik konfiguratsiyada tashqi qurilmalarni ulash uchun ikkita Thunderbolt 4 porti mavjud. Yuqori konfiguratsiyada esa to‘rtta Thunderbolt porti va 2,5 Gbit/s tezlikdagi Ethernet tarmoq porti o‘rnatilgan.
Kichik konfiguratsiya 16 yoki 24 GB birlashtirilgan (tezkor va grafik) xotira, shuningdek, 256 GB, 512 GB yoki 1 TB SSD bilan taklif etiladi. Yuqori konfiguratsiyada 32 GB birlashtirilgan xotira va 2 TB SSD variantini ham tanlash mumkin.
Bundan tashqari, xaridorlar korpus uchun yettita rangdan birini tanlashi mumkin. iMac’ning boshlang‘ich konfiguratsiyasi $1499 dan, yuqori konfiguratsiyasi esa $1699 dan sotiladi.
MacBook Pro
Noutbukning yangi avloddagi flagman modeli 14 dyuymli (35,56 sm), Liquid Retina XDR displeyi bilan jihozlangan. Uning yorqinligi 1600 nitgacha yetadi.
Shuningdek, qurilmada Center Stage funksiyasiga ega 12 megapikselli veb-kamera, uchta mikrofon va oltita dinamik mavjud.
M6 chipi 12 yadroli protsessor, 12 yadroli grafik blok va ikki baravar 16 yadroli Neural Engine tizimini o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqaruvchi M5 chipli versiyaga nisbatan grafik ishlash unumdorligi 30 foizga, neyron tarmoqlar bilan ishlash tezligi esa 25 foizga oshganini ta’kidlamoqda.

Batareya qurilmaning 24 soatgacha avtonom ishlashini ta’minlaydi. Tezkor quvvatlash funksiyasi mos keladigan yuqori quvvatli adapter yordamida batareyani yarim soatda 50 foizgacha zaryadlash imkonini beradi.
Qurilmada uchta Thunderbolt 4 porti, HDMI ulagichi, SDXC xotira kartasi uchun slot va 3,5 mm quloqchin uyasi mavjud. Shuningdek, Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 simsiz aloqa standartlari qo‘llab-quvvatlanadi.
MacBook Pro 16, 24 yoki 32 GB birlashtirilgan xotira, shuningdek, 1, 2 yoki 4 TB SSD bilan taqdim etiladi. Uning boshlang‘ich narxi $1999 ni tashkil etadi.
Avvalroq Spot Apple iPhone Duo uchun chapaqaylar rejimini tayyorlayotgani haqida yozgandi.