O‘zbekistonning yetakchi fintex kompaniyasi Click bugundan boshlab Click to‘lov sahifasidan foydalanadigan kompaniyalar mijozlariga Apple Pay orqali to‘lash imkoniyatini taqdim etmoqda. Ushbu to‘lov usuli yanada xavfsiz va maxfiy bo‘lib, mijozlarga bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan to‘lash imkonini beradi hamda har bir tranzaksiyani himoyalash uchun iPhone’ning o‘rnatilgan xavfsizlik texnologiyalaridan foydalanadi.
Click’ning Apple Pay ulangan hamkori saytida xarid qilayotganda Click to‘lov sahifasida Apple Pay’ni tanlash kifoya. Har bir to‘lov Face ID, Touch ID yoki qurilma paroli orqali tasdiqlanadi. Qo‘shimcha himoya uchun har bir operatsiyada faqat bir marta ishlatiladigan noyob dinamik xavfsizlik kodidan foydalaniladi. Click to‘lov sahifasida Apple Pay orqali to‘lash uchun Apple Wallet’ga ushbu xizmatni qo‘llab-quvvatlaydigan Visa yoki Mastercard kartasi qo‘shilgan bo‘lishi kerak.
Kompaniyalar Apple Pay’ni Click bilan mavjud integratsiyalari orqali faollashtirishlari mumkin. Buning uchun Apple bilan alohida texnik integratsiya qilish talab etilmaydi. To‘lovlarni yaratish, hisob-kitoblar, hisobotlar va mablag‘larni qaytarish jarayonlari avvalgidek Click orqali amalga oshiriladi.
Xizmatdan foydalanishni boshlash uchun kompaniyalar ariza qoldirishlari mumkin. Apple Pay faollashtirilgach, Click to‘lov sahifasidagi to‘lov usullari qatorida paydo bo‘ladi.
“Biz Apple Pay’ni ulash jarayoni foydalanuvchilar uchun ham, biznes uchun ham imkon qadar oson bo‘lishini istadik. Hamkorlarimiz yangi to‘lov usulini joriy etish uchun alohida texnik loyiha boshlashiga hojat yo‘q. Barcha texnik ishlarni Click o‘z zimmasiga oladi”, — dedi Click bosh direktori va hammuassisi Ulug‘bek Rustamov.
Apple Pay orqali iPhone, iPad va Mac qurilmalarida Safari brauzeri yordamida saytlar va ilovalardagi xaridlar uchun tez va qulay to‘lov qilish mumkin. Bunda alohida akkaunt ochish yoki yetkazib berish manzili hamda to‘lov ma’lumotlarini qayta-qayta kiritish shart emas. Apple Pay’dan Apple Watch ilovalarida ham foydalanish mumkin.
Apple Pay’da xavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligiga alohida e’tibor qaratilgan. Kredit yoki debet kartasi orqali to‘lov qilinganda kartaning haqiqiy raqami qurilmada ham, Apple serverlarida ham saqlanmaydi.
Uning o‘rniga har bir qurilma uchun maxsus raqam — “Device Account Number” yaratiladi. Bu raqam shifrlangan holda “Secure Element” deb nomlangan maxsus chipda saqlanadi. Ushbu chip xalqaro soha standartlariga mos sertifikatga ega bo‘lib, qurilmadagi to‘lov ma’lumotlarini xavfsiz saqlash uchun mo‘ljallangan.
Apple Pay’ni qanday ulash mumkin?
Buning uchun iPhone’da Wallet ilovasini ochib, “+” belgisini bosing va ko‘rsatmalarga amal qilgan holda Apple Pay’ni qo‘llab-quvvatlaydigan Visa yoki Mastercard kartangizni qo‘shing.
Karta iPhone, Apple Watch, iPad yoki Mac qurilmasiga qo‘shilgach, Apple Pay’dan darhol foydalanish mumkin. Kartani chiqargan bank taqdim etadigan barcha bonus va imtiyozlar ham saqlanib qoladi.
Apple Pay va Click haqida batafsil ma’lumotlar rasmiy saytlarida mavjud.
Havola orqali ulash mumkin.
Click haqida
Click — O‘zbekistonning yetakchi fintex kompaniyalaridan biri. Bugungi kunda uning xizmatlaridan 25 milliondan ortiq kishi foydalanadi. 2024-yilda Click SuperApp formatiga o‘tdi. Natijada to‘lovlar, sug‘urta, logistika, avtomobil xizmatlari, xayriya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi Click hamda hamkorlar xizmatlari bitta ilovada jamlandi. 2026-yil yanvar oyida kompaniya sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Cleo yordamchisini ishga tushirdi. Bu Click’ning foydalanuvchilar ehtiyojiga moslashadigan aqlli raqamli xizmatlar yaratish borasidagi imkoniyatlarini kengaytirdi. Click № 1-sonli to‘lov tashkiloti litsenziyasiga ega va PCI DSS 4.0.1 xalqaro xavfsizlik standarti bo‘yicha sertifikatlangan. Kompaniya sun’iy intellekt, yashil energetika yechimlari va ijtimoiy loyihalarga sarmoya kiritishda davom etmoqda.
Reklama huquqlari asosida.