Kichik va o‘rta biznesning moliyaviy muammolari kamdan-kam hollarda bitta muvaffaqiyatsiz qarordan boshlanadi. Ko‘pincha ular mayda-chuyda narsalardan yig‘ilib boradi: mulkdor shaxsiy ehtiyojlari uchun kassadan pul oladi, hech kim xarajatlarni reja bilan solishtirmaydi, mijoz ikkinchi oy to‘lovni kechiktiradi, “hozir bunga vaqt yo‘q” degan bahona bilan zaxira ham shakllantirilmagan bo’ladi. Muvaffaqiyatli mavsumda daromad bu bo‘shliqlarni qoplaydi, ammo savdoning birinchi pasayishi yoki katta to‘lovning kechikishi ularni tezda yuzaga chiqaradi.
Moliyaviy intizom joriy daromad va mulkdorning kayfiyatidan qat’i nazar, kompaniya muntazam ravishda bajaradigan qoidalar to‘plamidir.
Biznes uchun moliyaviy intizom nima uchun kerak?
Barqarorlik. Tushunarli qoidalarga ega bo‘lgan kompaniya mavsumiy pasayish yoki yirik mijozning to‘lovi kechikishini shoshilinch qarzlarsiz va ish haqini kechiktirmasdan boshdan kechiradi.
Boshqaruvchanlik. Xaridlar, yollash va kengaytirish haqidagi qarorlar pul yetarli degan hayolga emas, balki raqamlarga asoslanadi.
Hamkorlar ishonchi. Kredit arizasini ko‘rib chiqishda bank pul oqimi, hisobraqamlar bo‘yicha aylanmalar va to‘lov intizomini baholaydi. Yirik kontragentlar ham xuddi shu ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadi.
Biznes va mulkdor pullarini bir-biridan ajratish
Kichik biznes egalari ko‘pincha zarurat tug‘ilganda kompaniya hisobraqamidan yoki kassadan pul oladi. Natijada, biznes aslida qancha daromad olishini va mulkdorning ehtiyojlari biznesga qanchaga tushishini tushunib bo‘lmaydi.
Yechim: mulkdorga boshqaruv ishi uchun qat’iy belgilangan to‘lovni tayinlash, dividendlarni esa davr yakunlari bo‘yicha sof foydadan alohida olish. Shaxsiy xarajatlar shaxsiy kartadan to‘lanadi, ish xarajatlari esa kompaniya hisobraqami yoki korporativ karta orqali o‘tadi.
Zaxira shakllantirish
Zaxira fondi kompaniyani kassa uzilishlari va kutilmagan xarajatlardan himoya qiladi. Odatda biznesning ikki-uch oylik doimiy xarajatlarini qoplaydigan summaga e’tibor qaratiladi: ijara, ish haqi, soliqlar, kredit to‘lovlari. Uni foiz tamoyili bo‘yicha jamg‘arish qulayroq: har qanday tushumning 5−10 foizi darhol alohida hisobraqamga o‘tkaziladi. Zaxiraning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini Kapitalbank’ning istalgan filialida ochiladigan biznes uchun depozitga joylashtirish mumkin.
Zaxiradan foydalanish tartibini oldindan belgilab olish lozim: masalan, uni rejadan tashqari xaridlarga emas, balki daromad kamayganda faqat ish haqi va soliqlarga sarflash.
Byudjetni rejalashtirish va rejani haqiqiy natijalar bilan solishtirish
Oylik yoki choraklik byudjet kutilayotgan daromadlar va xarajatlar limitlarini moddalar bo‘yicha qayd etadi: xaridlar, ijara, ish haqi fondi, marketing, soliqlar. Davr yakunlari bo‘yicha reja fakt bilan solishtiriladi.
Har bir og‘ishning sababini tushunish muhim: pudratchi narxlarni oshirdimi, reklama natija berdimi yoki xarajatlarning bir qismi kelishilmasdan o‘tdimi. Boshlash uchun 10−15 ta moddadan iborat jadval kifoya qiladi. Haqiqiy ma’lumotlarni Uzum Business Kapitalbank’dagi ko‘chirmadan olish qulay: ilova buxgalteriya tizimlari bilan integratsiyalashgan, shuning uchun amaliyotlarni qo‘lda kiritish shart emas.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha marjani hisoblash
O‘sib borayotgan daromad hali o‘sib borayotgan foydani degani emas. Agar faqat umumiy aylanmaga qaralsa, tovar yoki xizmatlarning bir qismi deyarli tannarxida sotilishini va amalda boshqa yo‘nalishlar hisobiga yashashini payqamaslik oson.
Marja sotuvdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar, ya’ni xarid narxi, yetkazib berish, komissiyalar va xodimlarga ishbay haq to‘langanidan keyin qancha pul qolishini ko‘rsatadi. Uni tovar guruhlari, xizmatlar va sotish kanallari bo‘yicha alohida hisoblash foydalidir.
Bunday hisob-kitob aniq qarorlar qabul qilishga yordam beradi: narxni qayta ko‘rib chiqish, yetkazib beruvchini o‘zgartirish, zarar keltiradigan pozitsiyadan voz kechish yoki eng daromadli yo‘nalishga ko‘proq sarmoya kiritish. Bu yerda intizom muntazamlikda namoyon bo‘ladi: xarid narxlari, kurs yoki tariflar har safar o‘zgarganda marjani qayta hisoblab chiqish lozim.
Debitorlik qarzlarini nazorat qilish
Mijozlarga to‘lov uchun muhlat berish ko‘proq sotishga yordam beradi, ammo nazorat bo‘lmasa, debitorlik qarzlari sotuvdan tezroq o‘sadi. Minimal qoidalar to‘plami har bir mijoz uchun muhlat limiti va to‘lovning oxirgi muddatini, muddati o‘tgan to‘lovlarni har hafta tekshirishni va to‘lov kechikkanda harakatlarning tushunarli tartibini o‘z ichiga oladi: eslatma, qo‘ng‘iroq, jo‘natmalarni to‘xtatib turish.
Agar xaridorlar to‘lovlarni tizimli ravishda kechiktirib amalga oshirsa, kassa uzilishini faktoring orqali qoplash mumkin: bank jo‘natma uchun pulni darhol to‘laydi, xaridor esa o‘z muddatida hisob-kitob qiladi. Kapitalbank’da bunday moliyalashtirish muddati yetkazib berish sanasidan boshlab 90 kungacha amal qiladi.
Muntazam moliyaviy maromni belgilash
Intizom jadval bo‘yicha raqamlarga qarash odatiga asoslanadi:
- har hafta: hisobraqamlardagi qoldiqlar, keyingi ikki hafta uchun tushumlar va to‘lovlar, muddati o‘tgan debitorlik qarzlari;
- har oy: budjet ijrosi, foyda, yo‘nalishlar bo‘yicha marja, zaxira holati;
- har chorak: xarajatlar tarkibi, narxlar, qarz yuki va keyingi davr uchun rejalar.
Uzum Business Kapitalbank’da kunlik nazorat uchun hisobraqamlar bo‘yicha amaliyotlar haqida push-bildirishnomalar mavjud.
Moliyaviy intizomni qanday joriy etish mumkin
Qoidalarni asta-sekin, bir necha qadamda joriy etish qulayroq:
- Diagnostika o‘tkazish. So‘nggi uch-olti oylik ko‘chirmalar qancha pul kelgani, qayerga ketgani va qayerda uzilishlar yuzaga kelganini ko‘rsatadi.
- Qoidalarni yozib olish. Moliyaviy reglament bir-ikki sahifada xarajatlarni kim va qanday chegarada tasdiqlashini, tushumning qancha qismi zaxiraga yo‘naltirilishini va mijozlarga qanday muhlat berilishi mumkinligini qayd etadi.
- Mas’ullarni tayinlash. Muayyan qoida uchun ma’lum bir shaxs javob beradi: buxgalter, moliyaviy menejer yoki mulkdorning o‘zi.
- Odatiy jarayonlarni avtomatlashtirish. Rejalashtirilgan to‘lovlar, limitlar va internet-bankingdagi bildirishnomalar qo‘lda nazorat qilishning bir qismini olib tashlaydi.
- Reglamentni qayta ko‘rib chiqish. Uch oydan so‘ng qaysi qoidalar ishlayotgani va qaysilarini tuzatish kerakligini ko‘rish mumkin.
Ko‘p narsa mulkdorning namunasiga bog‘liq: agar u o‘zi qoidalarni buzsa, jamoa ularga rioya qilishni to‘xtatadi.
Moliyaviy intizom biznesni egasi, jamoasi, banki va hamkorlari uchun oldindan aytib bo‘ladigan qiladi. Kapitalbank buning uchun vositalarning bir qismini Uzum Business Kapitalbank ilovasida jamlagan: biznes uchun qo‘shimcha hisobraqamlar va depozitlar, rejalashtirilgan to‘lovlar, xarajatlar limitlari va amaliyotlar haqida push-bildirishnomalar shular jumlasidandir.
Reklama huquqlari asosida.