2026-yil 9-noyabrdan Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi uchta nazorat-o‘tkazish punktida xalqaro yuk tashuvchilar elektron navbatni band qilish uchun kafolat summasi kiritishi shart bo‘ladi. Bu haqda Qozog‘istonning Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti ma’lum qildi.
Yangi tartib transport vositalarining belgilangan vaqtda chegaraga yetib kelishini ta’minlash va sun’iy navbatlar yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.
Yangi talab Qozog‘iston — O‘zbekiston davlat chegarasidagi “Qozig‘urt”, “B. Qo‘nisboyev” va “Atameken” nazorat-o‘tkazish punktlarida elektron navbat tizimi orqali xalqaro yuk tashish uchun vaqt oralig‘ini — slotni band qilishda amal qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, elektron navbatni bron qilish uchun tashuvchining maxsus elektron hisobida 20 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi miqdorida mablag‘ bo‘lishi kerak. Ushbu summa bron qilish vaqtida kafolat sifatida talab etiladi.
Qozog‘istonda 2026-yil uchun bir oylik hisob-kitob ko‘rsatkich 4325 tenge etib belgilangan. Shunga ko‘ra, yuk tashuvchilar uchun kafolat summasi 86 500 tengega (2 mln 261 ming so‘m) teng bo‘ladi.
Agar yuk tashuvchi transport vositasini belgilangan vaqtda nazorat-o‘tkazish punktiga olib kelsa, kafolat summasi unga avtomatik tarzda to‘liq qaytariladi. Ya’ni, belgilangan talabga rioya qilgan tashuvchi mablag‘idan ayrilmaydi.
Biroq transport vositasi belgilangan vaqtda chegaraga kelmasa, kafolat summasini qaytarish bo‘yicha alohida shartlar qo‘llanadi.
Xususan, tashuvchi 90 kalendar kun ichida ketma-ket ikki marta belgilangan vaqtda nazorat-o‘tkazish punktiga kelmagan taqdirda, mablag‘ qaytarilmaydi va davlat budjeti daromadiga undiriladi.
Departament xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar va haydovchilarni safarlarini oldindan rejalashtirishga chaqirdi.
Shuningdek, elektron navbatni bron qilishda yangi talablarni hisobga olish va maxsus elektron hisobda kafolat summasi uchun yetarli mablag‘ mavjudligini oldindan tekshirish tavsiya etildi.
Ta’kidlanishicha, belgilangan qoidalarga rioya qilish nazorat-o‘tkazish punktlaridagi navbatlarni tartibga solish hamda xalqaro yuk tashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot Qozog‘iston chegarasidagi G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti 2026-yil oxirida ochilishi haqida yozgandi.