O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (UzBev) Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna miqdorida kvota joriy etishni nazarda tutuvchi yopiq qaroriga (417-son VMQ) munosabat bildirdi. Assotsiatsiya cheklovlar oziq-ovqat korxonalari xarajatlarining oshishiga, mahsulotlar qimmatlashishiga va mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin deb hisoblaydi.
Spot shakar importiga kvotalar joriy etilishi bo‘yicha UzBev pozitsiyasini taqdim etadi.
Iqtisodiy oqibatlar
Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoji qariyb 650−700 ming tonnani tashkil etadi, 2026-yilning to‘qqiz oyida esa shakar va shakar xomashyosi importi allaqachon 650 ming tonnadan oshgan. UzBev fikricha, bunday sharoitda 300 ming tonnalik kvota ochiq iqtisodiy asoslanishni talab qiladi: u bozor ehtiyojlarini qanday qondirishi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xomashyo taqchilligi qanday qoplanishini tushuntirish zarur.
Assotsiatsiyaning hisoblashicha, hamon davlat yordami va import xomashyoga qaram bo‘lgan hamda bozorni kerakli hajmda ta’minlay olmayotgan mahalliy shakar zavodlarini qo‘llab-quvvatlash oziq-ovqat sanoatining boshqa korxonalari uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratmasligi kerak.
“Shakarga kirishning cheklanishi tannarxning o‘sishi, o‘zbek mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishi va inflyatsion bosimning kuchayishi xavfini tug‘diradi”, — deyiladi UzBev munosabatida.
Assotsiatsiya oziq-ovqat sanoati mamlakatga investitsiyalar, eksport, ish o‘rinlari va soliq tushumlarini ta’minlashini qayd etadi. Shu sababli, importni cheklashning oqibatlari nafaqat ichimlik ishlab chiqaruvchilarga, balki shakardan xomashyo sifatida foydalanadigan boshqa tarmoqlarga va iste’molchilarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Kvota bo‘yicha savollar va JST oldidagi majburiyatlar
UzBev’ning alohida e’tirozlari Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori o‘rtasidagi nomuvofiqlikka qaratilgan. 2026-yil 29-iyuldagi (416-son VMQ) hujjat tarif kvotalarini nazarda tutadi, unga ko‘ra belgilangan hajmdan ortiq import tegishli bojxona to‘lovlarini to‘lagan holda amalga oshirilishi mumkin. Biroq, assotsiatsiya tahliliga ko‘ra, 417-sonli yopiq qaror oq shakar uchun 300 ming tonnalik yillik kvotani belgilaydi, lekin kvota doirasida va undan tashqarida bojlarni aniqlashtirmaydi va limitdan ortiq olib kirish imkoniyatini mustahkamlamaydi.
Shu munosabat bilan, UzBev ushbu mexanizm aslida tarif kvotasi emas, balki importni miqdoriy cheklash bo‘lib qolishi mumkin, deb hisoblaydi. Assotsiatsiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish doirasidagi majburiyatlari nuqtai nazaridan savollar tug‘ilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Xususan, u importni miqdoriy cheklashga umumiy taqiq qo‘yuvchi 1994-yilgi Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitim (GATT) ning XI:1-moddasiga havola qilgan.
Assotsiatsiya fikriga ko‘ra, ikkita qaror mexanizmlari o‘zaro mos kelmasligi ham mumkin: 417-sonli hujjat kvotalarni auksionlar orqali taqsimlashni nazarda tutadi, vaholanki umumiy tartibni belgilovchi 416-sonli hujjatda bunday mexanizm nazarda tutilmagan.
“JST chora-tadbirning nomini emas, balki uning mazmuni va savdoga ko‘rsatadigan haqiqiy ta’sirini baholaydi”, — deb ta’kidlaydi UzBev.
Shuningdek, assotsiatsiya 417-sonli qarorda davlat tashkilotlari va korxonalarining ehtiyojlarini birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqarilgan oq shakar bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi qoidaga e’tibor qaratgan. Uning baholashicha, kelib chiqishiga qarab import shakarni istisno qilish 1994-yilgi GATT’ning III:4-moddasida mustahkamlangan milliy rejim tamoyiliga rioya qilmaslik xavfini yaratadi. UzBev shartnomada ayrim davlat xaridlari uchun ko‘zda tutilgan istisno holatlar tijorat faoliyati, qayta sotish yoki tijorat maqsadlarida foydalanish uchun qilinadigan xaridlarga avtomatik ravishda tatbiq etilmasligini ta’kidlaydi.
Shakar zavodlarini qo‘llab-quvvatlash
417-sonli yopiq qaror mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralarini, jumladan, kreditlarni restrukturizatsiya qilish, $50 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash va soliq imtiyozlari tayyorlashni o‘z ichiga oladi. UzBev ushbu choralar JSTning subsidiyalar va kompensatsiya choralari hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kelishuvlariga mos kelishi yuzasidan baholanishi kerak deb hisoblaydi.
Mavzuga oid: “Bu eng qimmat yo‘l”: shakar importiga kvotalar joriy etilishi kimga foyda, kimga zarar?
Assotsiatsiya subsidiyalar avtomatik ravishda taqiqlanmasligiga aniqlik kiritgan. Biroq, alohida tarmoqlar yoki kompaniyalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa bu import tovarlar o‘rniga mahalliy mahsulotlardan foydalanish sharti bilan bog‘langan bo‘lsa, JSTning subsidiyalar to‘g‘risidagi kelishuvi cheklovlariga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun, yordam ko‘rsatish shartlari, uning o‘ziga xosligi va savdoga ta’sirini baholash zarur.
Yana bir masala kvotalarni elektron auksionlar orqali taqsimlashga taalluqli. Assotsiatsiya bayonotiga ko‘ra, ishtirokchilarni ruxsat etish mezonlari, hajmlarni taqsimlash tamoyillari, kvotalarning cheklangan kompaniyalar doirasida to‘planib qolishidan himoya va teng huquqli kafolatlar haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q. UzBev fikricha, shaffof qoidalarsiz bozor ishtirokchilariga nisbatan tengsiz munosabatda bo‘lish va raqobatni cheklash xavfi yuzaga keladi.
UzBev shaffoflikni talab qilmoqda
UzBev 417-sonli qaror ko‘plab tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga ta’sir qilishiga qaramay, ochiq e’lon qilinmaganini ta’kidlamoqda. Assotsiatsiyaga ko‘ra, bu kompaniyalarga talablar bilan o‘z vaqtida tanishish, xavflarni baholash va ishlab chiqarish hamda investitsiya rejalarini to‘g‘rilashga to‘sqinlik qiladi.
Assotsiatsiya hujjatga kirishning cheklanish sabablari, e’lon qilinmagan normativ hujjat talablarini tadbirkorlarga nisbatan qo‘llashning qanchalik to‘g‘riligi hamda 416 va 417-sonli qarorlarning o‘zaro nisbati bo‘yicha Adliya vazirligidan tushuntirish olishni zarur deb hisoblaydi.
UzBev qarorning to‘liq matnini e’lon qilishga hamda biznes, ekspertlar va sohaviy davlat idoralari ishtirokida ochiq muhokama o‘tkazishga chaqirmoqda. Cheklovlar joriy etilgunga qadar assotsiatsiya shaffof iqtisodiy asoslashni tayyorlashni, narxlar va ishlab chiqarish uchun oqibatlarni baholashni hamda JST normalari va O‘zbekistonning xalqaro savdo majburiyatlariga muvofiqligi bo‘yicha huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni taklif etmoqda.
“Bitta endi rivojlanayotgan tarmoqni himoya qilish minglab boshqa korxonalarni zaiflashtirmasligi kerak. Barqaror o‘sishga bozorni yopish orqali emas, balki halol raqobatning oldindan aytish mumkin bo‘lgan qoidalari va xomashyoga teng kirish imkoniyatlari orqali erishiladi”, — deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, UzBev prezident davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikka bir necha bor chaqirganini ta’kidlagan. Assotsiatsiya fikriga ko‘ra, bu tamoyillar biznes, investitsiyalar, ish o‘rinlari va fuqarolar farovonligiga ta’sir etuvchi, ayniqsa iqtisodiyotning butun boshli tarmoqlariga daxldor bo‘lgan yopiq qarorlar qabul qilinishida asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Avvalroq Spot bir qator tibbiy xizmatlar biznesga autsorsingga berilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.