Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 2026−2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish takliflari bilan tanishgani haqida yozgandi.

Unda tibbiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha 10 yillik master-reja ishlab chiqilishi, 2036-yilgacha mo‘ljallangan rejada shifoxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash aholi ehtiyojidan kelib chiqib belgilanishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, taqdimotda O‘zbekistonda tibbiy xizmatlarni autsorsingga berish va xususiy sektor bilan besh yillik shartnomalar tuzish taklif etildi.

Taklifga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida gemodializ, laboratoriya diagnostikasi, tashxislash va tibbiy uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi xizmatlarni autsorsing asosida xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Bunda davlat muassasasi zarur xizmatni xususiy tashkilotdan xarid qiladi. Xususiy hamkor esa uskunalarni o‘z mablag‘i hisobidan olib kelib, ularning ishlashi va yangilanishini ta’minlaydi.

Xususiy sheriklarning uzoq muddatli investitsiya kiritishini rag‘batlantirish uchun bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini qo‘llash taklif qilindi.

Shuningdek, xaridlar uchun yagona tender hujjatlari va elektron tizim joriy etish, ayrim tibbiyot muassasalarini professional kompaniyalar boshqaruviga berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari takliflarni puxta ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq Spot hamshiralar va tibbiyot og‘alari hamda oilaviy shifokorlarga yangi ustamalar belgilangani haqida yozgandi.