Shavkat Mirziyoyev 2026−2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish takliflari bilan tanishdi.

Rejaga ko‘ra, har bir hududda aholi soni va uning o‘sishi, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, muassasalarning quvvati hamda bemorlarning ularga yetib borish vaqti hisobga olinadi.

Master-reja qaysi obyektni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, yangisini qayerda qurish, uni qanday jihozlash va qancha mutaxassis zarurligini belgilaydi. Investitsiya dasturlari ham shu asosda shakllantiriladi.

O‘nta viloyatda o‘tkazilgan xatlovda tibbiyot sohasiga tegishli 3499 ta obyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘p. Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obyektlarning elektron pasportlarini shakllantirish va yagona raqamli reyestr yaratish taklif etildi.

Samarqand viloyatida aholi soni va shifo o‘rinlari o‘rtasidagi nomutanosiblik qayd etildi. Viloyat aholisining 80% i tumanlarda yashasa-da, shifo o‘rinlarining 41,7% i ularga to‘g‘ri keladi. Master-rejada tibbiy hududlarni qayta tashkil etish orqali tumanlar ulushini 67% ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Payariqda shifoxonalar qurish yoki mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1500 ta yangi shifo o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

Master-rejaga muvofiq, murakkab va yuqori texnologik tibbiy xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch tibbiy yordam saqlanadi.

Birlamchi tibbiy yordamni rejalashtirishda qishloq va olis aholi punktlari hamda shaharlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish me’yorlari qo‘llanadi.

Prezident takliflarni puxta ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


Avvalroq Spot 2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart bo‘lishi haqida yozgandi.