2030-yildan O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan faqat tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

Hukumatning tegishli qarori bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslarga besh yil muddatga beriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shaxslarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Qayd etilishicha, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun mas’ul vakolatli organ etib Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi belgilangan.

2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha xodimlar mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Buning uchun maxsus imtihon natijalaridan foydalaniladi yoki xodim malaka toifasini olish jarayonida avtomatik ravishda ro‘yxatga olinadi.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Biroq murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyat yuritmagan xodimlar ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.

Xodimlar davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali murojaat qilishi mumkin. Elektron arizalarni dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, kuniga 24 soat davomida yuborish imkoniyati mavjud.

Vakolatli organ kelib tushgan so‘rovnomani besh ish kuni ichida o‘rganadi. Shundan so‘ng talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasi elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Uning qog‘oz shaklidagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi. Guvohnomaning haqiqiyligini Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin.

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan xodimlar kasbiy faoliyatini davom ettirish uchun har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq Spot hamshiralar va tibbiyot og‘alari hamda oilaviy shifokorlarga yangi ustamalar belgilangani haqida yozgandi.

2027-yildan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga ta’lim darajasiga qarab MHTEKning 1−2 baravar, ayrim oilaviy shifokorlar va pedagoglarga esa 4 baravar ustama to‘lanadi.