Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston-AQSH biznes hamkorligini rivojlantirishda aniq loyihalar va amaliy muammolarni hal qilish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda u 19-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Amerika — O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ikkinchi yig‘ilishida so‘z yuritdi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari qatnashgan tadbirda Mirziyoyeva Marko Rubioning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi O‘zbekistondan boshlanganini mamlakat uchun alohida e’tibor sifatida baholadi. U aprel oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvni eslab, bu gal O‘zbekiston Amerika tomonini mehmon qilishdan mamnun ekanini bildirdi.
“Sizni ogohlantirib qo‘ymoqchimanki, o‘zbek mehmondo‘stligining o‘ziga xos bir jihati bor: mehmonlar odatda rejalashtirganidan uzoqroq qolishadi. Umid qilamizki, Amerika biznesi ham xuddi shunday yo‘l tutadi”, — dedi u.
Prezident Administratsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyev va AQSH prezidenti Donald Trampning Vashingtondagi uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta maqsadlar belgilanganini esladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti kengashga ularni amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qisqa vazifa yuklagan.
“Ma'muriyatga bunday qisqa topshiriqlar yoqadi. Bizga ham. Biz Amerika tomoniga qo‘mita emas, balki amalda ishlaydigan mexanizm yaratishga va’da bergandik”, — dedi u.
Saida Mirziyoyeva iyun oyida Toshkentga qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi kelganini va bu rekord ko‘rsatkich ekanini qayd etdi. Oradan to‘rt oy o‘tib, AQSH davlat kotibi bilan yana 100 ta kompaniya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. “Bu hamkorlikda rekordlar yangilanib turishi bizni quvontiradi”, — dedi u.
Prezident Administratsiyasi rahbarining fikricha, biznes rivojlanishi uchun aniq qoidalar, ochiq imkoniyatlar va muammolarga tezkor javob beradigan mas’ullar bo‘lishi kerak.
“Biz shuni angladikki, biznes aniq qoidalar amal qiladigan, imkoniyatlar ochiq bo‘lgan va har bir qo‘ng‘iroqqa javob beradigan joyda rivojlanadi. Shu bois biz murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan tomon bo‘lishga intilamiz”, — dedi u.
Mirziyoyeva O‘zbekiston biznes vakillarining murojaatlariga javoban tegishli qoidalarni o‘zgartirish choralarini ko‘rganini aytdi.
Shuningdek, u ikki tomonlama savdo tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston investitsiyalari AQSHda ish o‘rinlari yaratmoqda, O‘zbekistonning Amerikadan xaridlari esa AQSH ishlab chiqaruvchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda. U hamkorlikning adolatli bo‘lishi uchun har ikki tomon ham manfaat ko‘rishi kerakligini qayd etdi.
“Bugun sizlarga oddiy bir va’da bermoqchiman: bu yerda ishtirok etayotgan har bir kompaniya o‘z murojaati bilan bog‘lanishi mumkin bo‘lgan mas’ul shaxsga ega bo‘ladi. Siz ko‘targan har qanday muammo kengash hamraislariga shaxsan yetkaziladi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbari, shuningdek, Jekson-Vanik tuzatishiga to‘xtaldi. AQSH davlat kotibi ushbu tuzatishni “Sovuq urush sarqiti” deb ataganini eslatib, O‘zbekiston tomoni ham uning bekor qilinishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, tuzatish bekor qilinsa, kengash ertasi kuniyoq hamkorlikni davom ettirishga tayyor bo‘ladi.
Mirziyoyeva Amerika kompaniyalarini O‘zbekistonga aniq loyihalar bilan kelishga yoki duch kelayotgan muammolarini bildirishga chaqirdi.
“Bizga loyiha bilan keling yoki muammo bilan murojaat qiling. Har ikkisini ham mamnuniyat bilan qabul qilamiz. O‘zbekistonni tanlaganingiz uchun rahmat”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va AQSH $12 mlrdlik 54 ta kelishuvni imzolagani haqida yozgan edi.

