O‘zbekiston Yaponiyaga turli sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Agentlik direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiyaning Yamagata prefekturasi hukumati, Yamagata universiteti va kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda yapon ish beruvchilari uchun haydovchilar, muhandislar, texnik xodimlar va IT mutaxassislarini O‘zbekistonda tayyorlash hamda ishga joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Yangi yondashuvga ko‘ra, Yaponiya kompaniyalari zarur mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Migratsiya agentligi esa nomzodlarni tanlash, ularni yapon tiliga o‘rgatish va kasbiy tayyorgarligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida Yaponiya yo‘l sharoitlariga moslashtirilgan, o‘ng rulli yuk avtomobillarida haydovchilarni amaliy tayyorlash imkoniyatlari taqdim etildi.

Yaponiyaning MSI kompaniyasi IT mutaxassislarini, Abe Engineering esa muhandis-texnik kadrlarni jalb qilishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda Yamagata kompaniyalariga qaysi kasb egalari kerakligini aniqlash va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish kelishib olindi.

Shuningdek, 2027-yilda Yamagatada O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini tanishtiruvchi taqdimot o‘tkazish rejalashtirildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Yaponiya bilan IT mutaxassislarini tayyorlashi haqida yozgandi. Shuningdek, data-markazlar tashkil etish va raqamli infratuzilmaga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi.