O‘zbekiston va Yaponiya AT mutaxassislarini tayyorlash hamda IT xizmatlari eksportini kengaytirishni muhokama qildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov Yaponiya biznes federatsiyasi (Keidanren) huzuridagi Yaponiya va MDH mamlakatlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligi qo‘mitasi raisi Takeshi Hashimoto boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki davlat o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Yaponiyada AT mutaxassislariga yuqori talabni inobatga olib, O‘zbekistonda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash masalasini muhokama qildi.

Shuningdek, ularning salohiyatini xalqaro mehnat bozoriga yo‘naltirish va Yaponiyaga AT xizmatlari eksportini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, delegatsiyaga O‘zbekistonda ma‘lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va yirik texnologik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma‘lumot berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli iqtisodiyot, AT xizmatlari eksporti, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda inson kapitalini yuksaltirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Yaponiya magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar qurilishini muhokama qilgani haqida yozgandi.