O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yaponiya ishbilarmonlik hamkorligi qo‘mitasi — KEIDANREN raisi Hashimoto Takeshi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi M.Abdurahmonov, shuningdek, Shimizu Corporation, Sumitomo Corporation, Sojitz Corporation, Mizuho Bank, Mitsubishi Heavy Industries EMEA, Marubeni Corporation hamda ITOCHU Corporation vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston energetika sohasida bugungi kunga qadar Yaponiya kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati $5,6 mlrdni tashkil etuvchi 14 ta yirik loyiha amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Hozirgi kunda umumiy qiymati $2,6 mlrd bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati $7,7 mlrdga teng 7 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilmoqda.

Muloqotda hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni EPC+F modeli asosida qurish, gaz transporti tizimidagi kompressor stansiyalarini elektrlashtirish hamda yashil vodorod texnologiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiyani tizimga integratsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash va o‘zaro manfaatli loyihalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Spot, avvalroq, Hyundai Farg‘onada biomassadan elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqaruvchi majmua qurishi haqida yozgandi.