Mehrinoza Farmonova 2003-yilda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. 2021-yilda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan. Talabalik yillarida Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya sohibasi bo‘lgan.

U hozirda Turkiya hukumati granti — “Türkiye Bursları” dasturi orqali Konya shahridagi Saljuq universitetining Kommunikatsiya fakultetida magistraturada tahsil olmoqda. Magistratura bosqichida Mehrinoza Erasmus stipendiatiga ham aylandi. Bu unga Sloveniyaning Primorska universitetida bir semestr o‘qish va taklifnoma olish sharti bilan Yevropaning istalgan oliygohida amaliyot o‘tash imkonini berdi. Biroq viza bilan bog‘liq muammolar sababli u ushbu imkoniyatdan foydalana olmadi.


Nima uchun Turkiya?

Xorijda tahsil olish istagi menda bakalavriat davridayoq paydo bo‘lgan. Ikkinchi kursda universitetimizda ikkinchi til sifatida turk tili o‘qitila boshlandi. Shundan so‘ng ushbu tilga va Turkiya madaniyatiga qiziqishim ortdi. Ilk yildanoq o‘z ustimda ishlab, universitet darslaridan tashqari qo‘shimcha kurslarga qatnab, turk tilini o‘rgandim.

Uchinchi kursda universitetimizga Turkiya oliygohlarida saboq bergan ustoz Musa Yavuz keldi. U kishi va bir nechta kursdosh dugonalarim bilan birgalikda O‘ztürk o‘zbek-turk talabalari fikr almashinuv dasturiga asos soldik. Mazkur loyiha doirasida bir nechta onlayn va oflayn seminarlar tashkil etdik. Shu tariqa Turkiyadagi ta’lim jarayoni haqida ham tasavvurim shakllana boshladi.

To‘rtinchi kursning o‘rtalarida Turkiya burslari’ga qabul boshlanganda, turk madaniyatiga qiziqishimni bilgan do‘stlarim hujjat topshirishni maslahat berishdi. Shundan so‘ng men ham ariza topshirishga qaror qildim.

Ishlab yurgan paytlarimda o‘zimda “akademik chanqoqlik"ni his qilardim. Bakalavriatda olgan bilimlarimdan to‘liq qoniqmasdim. Jurnalistika, asosan, amaliyotga tayanadi: jurnalist mavzudan mavzuga o‘tgan sari charxlanib boradi. Biroq men fundamental bilim olishni, siyosat, sotsiologiya va falsafa kabi ijtimoiy fanlarni chuqurroq o‘rganishni hamda tadqiqotlar olib borishni istardim.

Rumiy falsafasi meni Konyani tanlashga undadi

Türkiye Bursları dasturiga ariza topshirayotganda 8 ta universitetni belgilagan edim. Biroq magistraturada yo‘nalishni o‘zgartirish imkoniyati cheklangan: bakalavriatda o‘qigan sohangizni davom ettirishingiz talab etiladi. Asosan, shahar va universitet tanlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.

grant dasturi, magistratura, mehrinoza farmonova, turkiya, türkiye bursları, xorijda ta'lim

Foto: Mehrinoza Farmonovaning shaxsiy arxividan

Suhbat jarayonida hay’at a’zolari mendan aynan qaysi shaharda o‘qishni xohlashimni so‘rashdi. Rumiy falsafasining hayotimda o‘ziga xos o‘rni bor. Ayni kerakli pallada uning “Ichindagi ichindadur” asarini o‘qiganim sababli, mutafakkirning ramziy maqbarasi va muzeyi joylashgan Konyani tanladim. Qizig‘i, Konya haqida suhbatdan atigi ikki kun avval xabar topgan edim.

Shu tariqa, meni Saljuq universitetining Kommunikatsiya fakultetiga taqsimlashdi. Suhbatdan oldin o‘zimga unchalik ishonmaganim sababli Turkiya universitetlarining reytinglarini ham ko‘rib chiqmagandim. Ich-ichimdan “baribir o‘ta olmasam kerak” degan shubha o‘tardi.

Keyinchalik bu qarorim nihoyatda omadli tasodif bo‘lganini tushundim. Saljuq universiteti Turkiyadagi yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi, fakultetimizda esa sohaning ilg‘or professor-o‘qituvchilari saboq beradi.

Grantga hujjat topshirishdagi eng murakkab bosqich

Men uchun hujjat topshirish jarayonidagi eng qiyin vazifa motivatsiya xati va o‘qish rejasini tayyorlash bo‘ldi. Ayniqsa, tadqiqot rejasida aynan qaysi mavzu bo‘yicha izlanish olib borishimni batafsil yoritib berishim lozim edi. Ungacha bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmagan edim.

Mavzu tanlash, mavjud ilmiy manbalarni o‘rganish, ulardagi hali yetarlicha tadqiq etilmagan jihatlarni aniqlash hamda mavzuning O‘zbekiston uchun nechog‘lik dolzarb ekanini asoslab berishga to‘g‘ri keldi.

Aslida, ushbu grant haqida bir do‘stim aytib qolgandi. U avvalgi yili aynan shu dastur orqali Turkiyada tahsil olayotgan tanishidan olingan yo‘riqnoma videosini ham yubordi. Videoni ko‘rgach, grantga qiziqishim ortdi va hujjatlarni to‘plashga kirishdim. Dastlab Turkiye Burslari sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, kerakli hujjatlarning — o‘rta ta’lim shahodatnomalari, magistr uchun bakalavr baholari transkripti, fuqarolik pasporti, CV, motivation letter, tavsiya xati, yutuq va til sertifikatlarining elektron shaklini tayyorladim.

Mazkur grant tanlovi odatda 2 bosqichda amalga oshiriladi: 1-bosqichda hujjatlar topshiriladi, agar hakamlar hay’ati ularni ma’qul topsa, nomzod suhbatga chaqiriladi.

Grant nimalarni qoplaydi? Turkiya Burslari granti quyidagilarni to‘liq qoplaydi:

  • to‘liq o‘qish xarajatlari;
  • oylik stipendiya;
  • yotoqxona;
  • tibbiy sug‘urta;
  • bir yillik turk tili kursi (TÖMER);
  • bir martalik borish va qaytish aviachiptasi.

“Bormaysan”, degan otam keyinchalik oq fotiha berdi

Grant natijalari e’lon qilinganidan bir kun o‘tibgina o‘qishga qabul qilinganimni bildim. O‘sha paytda noutbukimni Toshkentda qoldirib, Navoiydagi qishlog‘imga ketgan edim. Grantga ariza topshirgan elektron pochtam esa faqat noutbukimda ochiq edi.

Xushxabarni eshitganimdan keyin ham ikkilanib qoldim. “Ketaymi yoki yo‘qmi? Ota-onam ruxsat berarmikan?”, degan savollar xayolimdan ketmasdi. O‘sha vaqtda O‘zbekistondagi magistratura natijalarini ham kutayotgan edim. Qalbimda tinchgina O‘zbekistonda o‘qishni davom ettirish istagi ham bor edi.

Chunki oilamizdan shu paytgacha hech kim xorijga ketmagandi. Bu men uchun ham, oilam uchun ham mutlaqo yangi tajriba edi. Ota-onam ham qarorim haqida chuqur o‘ylab ko‘rishdi. Avvaliga “bormaysan” deb qarshilik bildirgan dadam Toshkentga qaytadigan vaqtimda: “Mayli, bor, senga ishonaman. Faqat yuzimni yerga qaratma”, deb oq fotiha berdilar.

grant dasturi, magistratura, mehrinoza farmonova, turkiya, türkiye bursları, xorijda ta'lim

Foto: Mehrinoza Farmonovaning shaxsiy arxividan

Yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi men uchun juda muhim edi. Ayniqsa, qiz bolaning xorijda ta’lim olishi oilamiz va qishlog‘imiz uchun yangilik bo‘lganini hisobga olsak, ota-onamning qarorimni hurmat qilishi katta ahamiyatga ega edi.

Men uchun eng katta yutuqlardan biri — yaqinlarimning meni mustaqil shaxs sifatida ko‘rishi va tanlovlarimni hurmat qilishidir. Ular boshqalarning gap-so‘ziga qarab emas, o‘z qarashlari bilan mening kelajagimga yondashishdi. Shu sababli hozir xotirjam o‘qiy olyapman, deb o‘ylayman.

Konyadagi ilk kunlar va yangi muhitga moslashish

Turkiyaga kelganimdan ikki kun o‘tib, universitetning TÖMER imtihonida qatnashdim va C1 darajasini oldim. Türkiye Bursları shartlariga ko‘ra, talabalar asosiy ta’limni boshlashdan oldin turk tilini C1 darajasida bilishi kerak. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganim sababli bir yillik til kursida o‘qish majburiyatidan ozod bo‘ldim va magistraturani birinchi yilning o‘zidayoq boshladim.

Meni hayratga solgan jihatlardan biri yotoqxonadagi muhit bo‘ldi. U yerda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, arab, eronlik, rus, turk, ozarbayjon va Afrika mamlakatlaridan kelgan 150 ga yaqin qiz yashardi. Shuncha turli millat vakillari bo‘lishiga qaramay, bino doim tinch va ozoda, qizlarning bir-biriga munosabati esa juda hurmatli edi.

To‘rt yil Toshkentda yashab, shovqin-suron va turli sinovlardan biroz charchagandim. Sokinlikka ehtiyojim bor edi. Konya menga ana shu osoyishtalikni berdi. Universitetim va yotoqxonam shahar markazidan ancha uzoqda joylashgani sababli atrofda, asosan, talabalar yashaydi. Shu bois yangi muhitga moslashishim oson kechdi.

Dastlab ayrim taomlarni yeyishga qiynaldim. Turk kursdoshlarimning tez va jargonlar bilan gapirishi ham muloqotda qiyinchilik tug‘dirardi. Vaqt o‘tishi bilan ularning nutqiga ko‘nikdim. Hozir ular qanchalik tez gapirishmasin, tushunib, javob qaytara olaman. Hatto o‘zim ham kundalik muloqotda turkcha jargonlardan foydalanadigan bo‘ldim.

Konya aholisini o‘zbeklarga, ayniqsa, qishlog‘imdagi insonlarga o‘xshataman. Ular juda samimiy, sodda va mehribon. Mahalliy aholi bilan tez chiqishib ketishimga shu o‘xshashlik ham yordam bergan bo‘lsa kerak.

Bir kuni yotoqxona yonidagi kichik oziq-ovqat do‘koniga kirganimda, pulim xonada qolib ketganini bildim. Do‘kondor amaki esa: “Olaver, keyin berarsan”, dedi. Kerakli narsalarni olib, qarz daftariga yozib qo‘yishini kutdim. Ammo do‘konda qarz daftari ham yo‘q ekan. Uning menga bo‘lgan ishonchi qalbimda unutilmas taassurot qoldirdi. Bu voqea menga ishonchning o‘zi ham katta mas’uliyat yuklashini his qildirdi.

Turkiyada ta’lim olishning o‘ziga xos jihatlari

Turkiya universitetlarida magistraturaning ikkinchi yilida odatda darslar bo‘lmaydi. Bu davrda talaba ilmiy ish yozishga tayyorligini ko‘rsatish uchun seminar o‘tkazadi. Tayyor deb topilgach, dissertatsiya ustida ishlashga kirishadi. Bundan tashqari, konferensiyalarda tezis bilan qatnashish yoki ilmiy maqola chop etish talab qilinadi.

grant dasturi, magistratura, mehrinoza farmonova, turkiya, türkiye bursları, xorijda ta'lim

Foto: Mehrinoza Farmonovaning shaxsiy arxividan

Hozirda konferensiya uchun tezisimni tayyorlab, asosiy e’tiborimni ilmiy seminarga qaratganman. Kunlarim, asosan, dissertatsiya mavzusiga oid maqola va kitoblarni o‘qish, tahlil qilish, ijtimoiy fanlarga oid ilmiy adabiyotlarni o‘rganish bilan o‘tadi. Shuningdek, san’atga oid ma’ruzalar va konsertlarga boraman, ba’zan Turkiyaning turli viloyatlariga sayohat qilaman.

Turkiya ta’lim tizimida menga yoqadigan jihatlardan biri — talabaning mustaqilligi. Magistrantlarning barchasi bir xil fanlarda qatnashmaydi. Semestr boshida universitetda bir nechta fanlar ochiladi va talabalar o‘z qiziqishlariga ko‘ra ularni tanlaydi. Shu sababli bir fanda birga o‘qigan talabalarni boshqa darsda uchratmasligingiz mumkin.

Odatda, magistrantlar haftasiga ikki yoki uch kun darsga boradi. Qolgan vaqt talabaning o‘z ixtiyorida bo‘ladi. Biroq professorlar biror kitobni to‘liq o‘qib, taqriz yozish yoki ilmiy maqola loyihasini tayyorlash kabi ko‘p vaqt talab qiladigan topshiriqlar beradi.

Ilmiy rahbar tanlashda ham talabaga erkinlik beriladi. Men birinchi kursni noyabr oyining boshida boshlaganim sababli ilmiy ishimga to‘liq mos kelmaydigan ustoz biriktirilgan edi. Ikkinchi kursda esa universitetning Ijtimoiy fanlar institutiga ariza yozib, ilmiy rahbarimni o‘zim istagan ustozga almashtirdim.

Xarajatlar va kundalik hayot

“Türkiye Bursları” stipendiyasi universitet kontrakt to‘lovi, turar joy va tibbiy sug‘urta kabi xarajatlarni qoplaydi. Bundan tashqari, talabaga oylik stipendiya ham to‘lanadi.

Yotoqxona uchun oyiga taxminan $300 sarflanadi. Nonushta va kechki ovqat ham yotoqxonada beriladi. Universitet va yotoqxonam orasidagi masofa piyoda 15 daqiqalik yo‘lni tashkil etadi. Universitet kampusi katta bo‘lsa-da, uning ichida fakultetlar o‘rtasida qatnash uchun tramvay mavjud. Shu sababli transportga deyarli pul sarflamayman.

Shahar markaziga borganimda ham talabalar uchun jamoat transporti ancha arzon. Umuman olganda, turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak va sayohatlarni hisobga olganda, bir oy uchun o‘rtacha $600−700 atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi.

Turk tilida bemalol muloqot qila olganim sababli yangi do‘stlar orttirishim oson kechgan. Hozir dunyoning turli burchaklaridan kelgan do‘stlarim bor. Qirg‘iz, qozoq, ozarbayjon, turkman, tailand, arab, turk va afrikalik qizlar bilan yaqinlashib ketdik. Birgalikda teatr va konsertlarga bordik, Bursa, Istanbul, Anqara va Antaliya kabi shaharlarga sayohat qildik.

Turli madaniyat vakillari bilan tanishish menga boshqa xalqlarni yaxshiroq tushunish imkonini berdi. Konya va uning aholisi menga begona muhitdek tuyulmadi. Madaniyat, urf-odatlar va insonlarning muomalasida o‘zbeklarga o‘xshash jihatlar ko‘p.

Xorijda tahsil olish dunyoqarashimni o‘zgartirdi

Turkiyada yashash davomida ko‘plab qadriyatlarimni qaytadan ko‘rib chiqdim. Eng avvalo, o‘zgarishlarni tashqaridan emas, ichkaridan boshlash kerakligini angladim.

grant dasturi, magistratura, mehrinoza farmonova, turkiya, türkiye bursları, xorijda ta'lim

Foto: Mehrinoza Farmonovaning shaxsiy arxividan

Ilgari ko‘proq ish qilish va natija ortidan quvishga e’tibor bergan bo‘lsam, hozir butun borlig‘imni bag‘ishlaydigan sohada sifatli va professional ishlar qilishni istayman. Moliyaviy ehtiyojlar qondirilgach, insonda ijod qilish va o‘zini namoyon etish istagi paydo bo‘ladi. Shunda: “Qaysi faoliyat bilan shug‘ullansam ko‘proq zavq olaman, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolaman?” degan savol tug‘iladi.

Turkiyaga kelganimdan bir necha oy o‘tib, shu savol ustida ko‘p o‘ylay boshladim. Hozir ichki savollarimga javob izlash, boshqacha aytganda, o‘zimni topish bosqichidaman.

Turli davlatlardan kelgan qizlar bilan muloqot qilish yaxshilik, go‘zallik va baxt tushunchalarini bitta qolipga solish xato ekanini ham ko‘rsatdi. Avval go‘zallik haqida o‘zimga xos tasavvurlarim bo‘lgan bo‘lsa, hozir afrikalik, eronlik, arab va Markaziy Osiyodan kelgan qizlarning har birida o‘zgacha nafosat va go‘zallikni ko‘ra olaman.

Yana bir muhim xulosam — tinchlik eng buyuk ne’mat ekanidir. Yozda quvaytlik dugonam bilan imtihonlarni deyarli bir vaqtda tugatdik. Undan chipta olgan-olmaganini so‘raganimda, aeroport o‘qqa tutilgani sababli hali aniq rejasi yo‘qligini aytdi. Ketgunimga qadar vaziyat haqida bir necha bor so‘radim, ammo hammasi mavhumligicha qolayotgandi.

Maslahat va rejalar

Avvalo, qayerda o‘qishni istasangiz, o‘sha davlatning tilini o‘rganing. Madaniyatini bilish ham katta ustunlik beradi. Shunda yangi muhitda kamroq qiynalasiz, boshqalarga qaram bo‘lmasdan, maqsadingiz sari dadil odimlaysiz.

Bakalavriat uchun xorijga topshirmoqchi bo‘lsangiz, maktabdagi baholaringizga, magistratura uchun esa bakalavriatdagi akademik natijalaringizga e’tibor bering. Universitet va stipendiya dasturlarining talablarini oldindan yaxshilab o‘rganib, tayyorgarlikni shunga muvofiq olib borish kerak.

grant dasturi, magistratura, mehrinoza farmonova, turkiya, türkiye bursları, xorijda ta'lim

Foto: Mehrinoza Farmonovaning shaxsiy arxividan

Ko‘pchilik xalqaro grantlarni murakkab jarayon deb o‘ylab, hujjat topshirishning yarmiga yetmasdanoq taslim bo‘ladi. Bunday vaziyatda tajribali insonlardan maslahat olish yoki mentorlar bilan ishlash foydali. Chunki tajriba va to‘g‘ri yo‘naltirish grantga ariza topshirish jarayonida katta yordam beradi.

Rejalar. Kelajak uchun hozircha aniq rejam yo‘q. Biroq ko‘proq o‘rganib, o‘z ustimda ishlab, muayyan muammolarni chuqur tadqiq qila oladigan olim bo‘lishni istayman. Ikkinchi mutaxassislik sifatida san’atshunoslik yo‘nalishida ham o‘qib, media, san’at va adabiyot kesishgan nuqtada ijod qilish niyatim bor.

Yaqin oylarda Erasmus dasturi doirasida Yevropada amaliyot o‘tash imkoniyatini yana bir bor sinab ko‘rmoqchiman. Avvalgi urinishim viza bilan bog‘liq muammolar tufayli amalga oshmagan bo‘lsa-da, bu imkoniyatdan butunlay voz kechganim yo‘q.

Qaysi sohada ishlashimdan qat’i nazar, doimiy o‘sish va professionallikka intilish men uchun asosiy qadriyat bo‘lib qoladi.