Hukumat qarori (581-son) bilan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar va hokimlarning mas’ul maslahatchilari uchun sun’iy intellekt infratuzilmasidan foydalanish tartibi tasdiqlandi. Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar Raqamli texnologiyalar vazirligi infratuzilmasidan bepul yoki imtiyozli foydalanishi mumkin.
Unga ko‘ra, katta til modellari (LLM) asosidagi loyihalar dasturiy interfeys orqali olti oygacha bepul foydalanishi mumkin. Bunda bir oyda 10 mln token hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Belgilangan limitdan ortiq, qo‘shimcha 50 mln tokengacha bo‘lgan hajm uchun tariflarga muvofiq 50% chegirma qo‘llanadi. Foydalanilmagan tokenlar keyingi oyga o‘tkazilmaydi.
Katta til modellariga kirmaydigan boshqa sun’iy intellekt modellarini o‘rgatish, sinovdan o‘tkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens uchun ham olti oygacha muddatga jami 120 GB dan oshmaydigan videoxotira ajratilishi mumkin. Bu foydalanuvchi arizasi asosida taqdim etiladi.
Imtiyozli foydalanish huquqi loyihalar o‘rtasidagi tanlov orqali beriladi. Tanlov yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida o‘tkazilib, arizalar 100 ballik tizimda baholanadi. Natijalardan norozi ishtirokchilar uch ish kuni ichida apellyatsiya berishi mumkin, shikoyatlar besh ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Har bir foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida faqat bitta loyihani amalga oshirishi mumkin. Olingan ma’lumotlarni belgilangan maqsadlardan tashqari qayta ishlash, uchinchi shaxslarga berish, nusxalash, tarqatish yoki ularni tijorat maqsadlarida ishlatish taqiqlanadi, qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yagona raqamli ta’lim ekotizimi yaratilishi haqida yozgan edi.