20-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashni joriy etish, tadbirkorlarni professional qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzishga majburiy tartibda jalb qilish, dam olish maskanlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari va suv havzalarining chuqurligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan jihozlash taklif etilmoqda.
Hozirda beshta suv omborida turistik faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Yana 25 ta obyektda bunday xizmatlarni rivojlantirish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga, faoliyat yuritayotgan 56 ta suv omboridan faqat to‘rttasida professional qutqaruv xizmatlari tashkil etilgan. Bunday xizmatni yo‘lga qo‘yishda Karkidon suv ombori tajribasidan foydalanish taklif qilindi.




Suv omborlari yaqinida turistik xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham taklif etildi. Jumladan, yer va mol-mulk soliqlari stavkalarini 2029-yil 1-oktabrgacha ikki baravar kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga GPS uskunalari, qutqaruv va himoya vositalarini olib kirishda bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish taklif etilmoqda.
Mirziyoyev mas’ul shaxslarga suv omborlarida professional qutqaruv bo‘linmalarini tashkil etish hamda turistik obyektlarda xavfsizlik bo‘yicha aniq talablarni belgilash choralarini ko‘rishni topshirdi.
Taqdimot davomida favqulodda vaziyatlarga javob berish tizimini modernizatsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, qutqaruvchilarning yetib borish vaqtini shaharlarda 5−7 daqiqagacha, shahar tashqarisida esa 15−20 daqiqagacha qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, 25 ta yong‘in-qutqaruv qismini qayta tashkil etish va zamonaviy texnikalar bilan jihozlash, “Madad” milliy ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan qutqaruv markazini, aviatsiya-qutqaruv bo‘linmasini hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 10 ta g‘or va tuz konida turistik infratuzilma yaratilishi haqida yozgandi.



