Avvalroq Spot 19-oktabr kuni AQSH davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda bo‘lib o‘tgan Amerika — O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlagani haqida yozgandi.
U ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari qatorida AQSHning kichik modulli yadro reaktorlarini joriy etish va O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishni qayd etdi.
“Biz AQSHning kichik modulli reaktorlarini joriy etmoqdamiz, shuningdek, O‘zbekistonning elektr tarmoqlari va gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya qilyapmiz. Bu hukumatga energiyaga bo‘lgan talabning tez sur’atlarda o‘sib borishiga javob berishda yordam beradi”, — dedi Rubio.
U energetika ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik muhim minerallar, aviatsiya, kvant texnologiyalari, raqamli yechimlar va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham rivojlanmoqda.
Rubio Amerika kompaniyalari O‘zbekistonda muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlashni modernizatsiya qilishda ishtirok etayotganini ta’kidladi.
Boeing va GE Aerospace kompaniyalari esa aviadvigatellar va ehtiyot qismlar yetkazib bermoqda, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitmoqda.
U, shuningdek, O‘zbekistonning AKFA Group kompaniyasi AQSHning Kentukki shtatida ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun $80 mln investitsiya kiritganini ma’lum qildi.
Davlat kotibi AQSH O‘zbekiston bilan hamkorlikni nafaqat hukumatlar darajasida, balki biznes va universitetlar orqali ham kengaytirish niyatida ekanini bildirdi.
Avvalroq Spot Marko Rubio amerikaliklarga O‘zbekistondan uy sotib olishni maslahat bergani haqida yozgandi.