Prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy qilish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga nisbatan tatbiq etiladi.

Maxsus imtihon bilan yoki imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan mutaxassisliklar ro‘yxati bemorga tibbiy ta‘sir ko‘rsatish darajasidan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kasbiy faoliyat yuritishni monitoring qilish hamda ma‘lumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri yuritiladi.

2030-yilgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda 5 yil muddatga davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi. Xodimlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi.

Bundan tashqari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi. 2030-yilgacha berilgan malaka toifalari amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlanadi. Ular bo‘yicha ustamalar va lavozimga oid huquqlar ham tegishli muddat davomida amal qiladi.

Maxsus imtihon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan amaldagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari imtihondan o‘ta olmasa, bir yil davomida uni qayta topshirish sharti bilan vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shu davr mobaynida ular ish faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan xodimlarga ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qayta davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Spot, avvalroq, hamshiralar va tibbiyot og‘alari hamda oilaviy shifokorlarga yangi ustamalar belgilanishi haqida yozgandi.