O‘zbekistonda o‘rta tibbiyot xodimlarining kasbiy maqomi va malakasini oshirishga qaratilgan yangi tartiblar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar berdi.

2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlariga bakalavriatga, jumladan, maqsadli qabul doirasida kirishning minimal chegarasi maksimal ballning 60% i etib belgilanadi.

2026/2027-o‘quv yilidan esa tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlarida o‘quv modullari hamda davlat imtihonlari uchun minimal o‘tish bali shifokorlik mutaxassisliklarida 70%, o‘rta tibbiyot xodimlari mutaxassisliklarida 60% ni tashkil etadi.

Qisqa muddatli qayta tayyorlash orqali tor soha bo‘yicha qo‘shimcha ixtisoslashtirish hamda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga qabul bekor qilinadi.

2027/2028-o‘quv yilidan hamshiralik ishi negizida tibbiy hamrohlik ishi, oliy hamshiralik ishi negizida esa oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat yo‘nalishi joriy etiladi. Uni bitirgan ayollarga hamshira, erkaklarga esa tibbiyot og‘asi kvalifikatsiyasi beriladi.

Tibbiy hamrohlik ishi bo‘yicha magistratura va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yiladi. O‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik dasturlariga qabul ham bekor qilinadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan ayrim tibbiyot va pedagog xodimlariga bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga nisbatan har oylik ustamalar to‘lanadi.

Jumladan:

  • bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari (hozirda 1 mln 271 ming so‘m);
  • magistraturani tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — 2 baravari;
  • oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar hamda shu yo‘nalishdagi magistraturani tamomlagan pedagoglarga esa 4 baravari miqdorida ustama belgilanadi.

Bundan tashqari, oliy tibbiy hamrohlik ishi bo‘yicha davlat buyurtmasi qabul parametrlari 2030/2031-o‘quv yiliga qadar har yili kamida 20% ga oshirib boriladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgandi.