4-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuit xizmati xabar berdi.
Xususan, unda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning ta’limi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.
Baholash bosqichma-bosqich — fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik bo‘yicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislar qayta topshirishlari mumkin.




Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni rag‘batlantirish nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama to‘lash taklif etildi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident tibbiy ta’lim, mustaqil baholash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va uzluksiz kasbiy rivojlanishni o‘zaro bog‘langan yagona tizim sifatida shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga yangi tartiblarni bosqichma-bosqich joriy etish, xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish hamda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, eng avvalo, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot Rosatom Farg‘ona viloyatida tibbiy tajriba loyihasini ishga tushirishi mumkinligi haqida yozgan edi.



