O‘zbekneftgaz davlat kafolati ostida jalb qilingan $1,1 mlrd lik kreditlarni qayta moliyalashtirish bo‘yicha xorijiy banklar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda O‘zbekneftgaz rahbarining birinchi o‘rinbosari Suxrob Hamroyev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

Ushbu summaning $840 mln i Uzbekistan GTL korxonasining kreditlariga, yana $260 mln i esa O‘zbekneftgazning o‘z qarzlariga to‘g‘ri keladi.

Qayta moliyalashtirish natijasida kompaniya o‘rtacha foiz stavkasini 7,7% dan 3,8% gacha pasaytirishni kutmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekneftgaz avval jalb qilingan kreditlar shartlarini ham qayta ko‘rib chiqmoqda. 30-sentabr holatiga ko‘ra, guruhning kredit qarzi yil boshiga nisbatan 417 mln dollarga kamaygan.

Xususan, kompaniya to‘qqizta bankdan jami $384 mln ga rasmiylashtirilgan yuqori foizli 41 ta kredit shartlarini qayta ko‘rib chiqdi. Bu foiz stavkalarini pasaytirish va foiz to‘lovlaridan qariyb $18 mln tejash imkonini berdi. Agar ilgari O‘zbekiston tijorat banklaridan kreditlar o‘rtacha yillik 9,5−12% stavkada olingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 7,4−7,5% ni tashkil etmoqda.

“2025-yil boshida kredit yuklamasi koeffitsiyenti 3,1 ni tashkil etgan bo‘lsa, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir bu ko‘rsatkich 2,2 baravargacha pasaymoqd”, — dedi Hamroyev.

2026-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekneftgaz va uning tarkibidagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 42 trln so‘mga yetdi.

Reja 105,7% ga bajarildi, o‘sish sur’ati esa 106% ni tashkil etdi. Mahsulotlar eksporti $737 mln ni tashkil qilib, rejaning 151% iga yetdi. Investitsiyalar hajmi $790 mln ga yetib, reja ko‘rsatkichi 101% ga bajarildi.

O‘zbekneftgazning sof foydasi 2,9 trln so‘mni tashkil etdi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodining sof foydasi 1,9 trln so‘m, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiniki esa 1,1 trln so‘mga teng bo‘ldi.

Uzbekistan GTL’da ushbu ko‘rsatkich 3,1 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 24% ga oshdi. Hisobot davrida guruh davlat budjetiga 6,9 trln so‘m o‘tkazdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 25% ga ko‘p.

Kompaniya, shuningdek, to‘qqiz oy davomida xarajatlarni 1,9 trln so‘mga optimallashtirganini ma’lum qildi. Yillik reja 2,3 trln so‘m etib belgilangan. Tovar-moddiy resurslarni xarid qilishda 800 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ tejaldi.

Xodimlar sonini optimallashtirish fonida hisobot davrida amaldagi xodimlar mehnatiga haq to‘lash fondi 21% ga oshdi. Bunga yil boshidan buyon ish haqi ikki marta oshirilgani ham ta’sir ko‘rsatgan.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz va CNPC ichki bozorga neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni muhokama qilgani haqida yozgandi.