“O‘zbekneftgaz” tomonidan ishga tushirilayotgan yangi konlar va quduqlar hozircha eski konlarda qazib olishning pasayishini to‘liq qoplash imkonini bermayapti.
Kompaniya yil oxirigacha quduqlarni ta’mirlash, yangi tarmoqlarni burg‘ilash va kompressor stansiyalarini ishga tushirish hisobiga qazib olishni barqarorlashtirishni kutmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekneftgaz” bosh geologi Nodir Muhiddinov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
2026-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” va uning tarkibidagi korxonalar qariyb 17 mlrd kub metr gaz qazib oldi. Yil oxirigacha kompaniya bu ko‘rsatkichni 22,8 mlrd kub metrgacha yetkazishni rejalashtirmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilda qazib olish hajmi 25,2 mlrd kub metrni tashkil etgan. Shu tariqa, yillik qazib olish hajmi 9,5% ga qisqarishi mumkin.
Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, pasayishning asosiy sabablaridan biri — yirik konlardagi zaxiralarning yuqori darajada o‘zlashtirilganidir. Ulardan xomashyo qazib olish hajmi allaqachon 80% dan oshgan, shu sababli ko‘rsatkichlar tushishda davom etmoqda. Bunda geologiya-qidiruv ishlari va yangi quduqlarni ishga tushirish hisobiga o‘sish hozircha amaldagi obyektlardagi yo‘qotishlarni qoplamayapti.
“Hozirgi vaqtda yangi geologiya-qidiruv ishlari va yangi konlarda ochilayotgan quduqlar hisobiga qo‘shilayotgan qazib olish hajmlari bu pasayishni to‘liq qoplamayapti”, — deb ta’kidladi bosh geolog.
Yil boshida kunlik gaz qazib olish hajmi 65 mln kub metrni tashkil etgan. Shundan beri bazaviy qazib olishning pasayishi kuniga 12,6 mln kub metrga yetdi va uning qariyb 5 mln kub metrini hozircha qoplashning imkoni bo‘lmadi. Pasayishni sekinlashtirish uchun kompaniya yil boshidan buyon o‘z kuchlari bilan 79 ta quduqda kapital va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi.
Yil oxirigacha “O‘zbekneftgaz” kunlik qazib olish hajmini yil boshidagi darajaga qaytarishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun kompaniya quduqlarni ta’mirlashni davom ettirish va geologiya-qidiruv ishlari davomida ochilgan obyektlarni ishga tushirishni reja qilgan. Shuningdek, quduq usti kompressor stansiyalarini ishga tushirish va murakkab kapital ta’mirlash ishlarini olib borish, jumladan, foydalanishdan chiqarilgan quduqlarda yonlama tarmoqlarni burg‘ilash rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot “O‘zbekneftgaz” $1,1 mlrd miqdoridagi kreditlarni qayta moliyalashtirmoqchi ekanligi va uning $840 mln qismi Uzbekistan GTL hissasiga to‘g‘ri kelishi haqida yozgan edi.