Markaziy bank raisi Timur Ishmetov banklarni sanatsiya qilishda ularni baholash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Adliya vazirligi tegishli qarorni 10-sentyabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazib, Lex.uz portalida e‘lon qildi.
Hujjat banklar, bank guruhlari va banklarning nazorat aksiyalari paketiga ega bo‘lgan xoldinglarni, shuningdek, aksiyadorlar va kreditorlar ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarni baholash tartibini belgilaydi. Bundan tashqari, u baholovchilarga qo‘yiladigan talablarni va ularni tanlab olish tartibini ham o‘z ichiga oladi.
Baholash aksiyadorlar va kreditorlarning sanatsiya jarayonida oladigan qiymati bilan bank majburiy tugatilgan taqdirdagi ehtimoliy qiymatini taqqoslashga asoslanadi.
Markaziy bank dastlabki tanlovdan o‘tgan baholovchi tashkilotlarning ro‘yxatini tuzadi va har bir holatda tanlov ular orasidan amalga oshiriladi. Ro‘yxatga kiritilishi uchun tashkilot yozma arizaga quyidagilarni ilova qilgan holda topshirishi kerak:
- bankni sanatsiya qilish maqsadida baholash o‘tkazish bo‘yicha tajribasi va imkoniyatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
- baholash o‘tkazuvchi xodimlarining malaka sertifikatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
- baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi to‘g‘risidagi maʼlumot;
- manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash bo‘yicha ichki siyosati mavjudligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
- baholash o‘tkazishga nisbatan ushbu nizomda belgilangan talablarga rioya qilishga roziligi.
Ariza tashkilotning professional jamoat birlashmalari talqinidagi reytingi, uning tajribasi, imkoniyatlari va salohiyati hisobga olingan holda ikki oy muddatda ko‘rib chiqiladi. Tasdiqlangach, ro‘yxat regulyatorning veb-saytida e‘lon qilinadi.
Markaziy bank dastlabki tanlovdan o‘tgan baholovchilar ro‘yxatini kamida yilda bir marta qayta ko‘rib chiqadi.
Bankka nisbatan sanatsiya tartib-taomili boshlanganda, Markaziy bank ro‘yxatdagi tashkilotlarga xabarnoma yuboradi. Baholovchilar regulyatorga ishlarning taxminiy muddatlari va qiymatini ko‘rsatgan holda baholash o‘tkazish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Takliflarni ko‘rib chiqish uchun 15 ish kuni ajratiladi. Bunda regulyator baholovchi tashkilotdan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni so‘rashi mumkin. Manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga quyidagilar kirishi mumkin:
- baholash o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgan sanada baholovchi tashkilotning sanatsiya qilinayotgan bankka xizmat ko‘rsatayotganligi;
- baholash o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma tuziladigan sanadan oldingi 12 oy ichida baholovchi tashkilotning sanatsiya qilinayotgan bankka xizmat ko‘rsatganligi;
- baholovchi tashkilotning yoki uning baholash o‘tkazishda ishtirok etuvchi xodimining sanatsiya qilinayotgan bankda ahamiyatli manfaatga egaligi. Manfaatning ahamiyatli ekanligi Markaziy bank tomonidan har bir holat uchun belgilanadi;
- baholovchi tashkilot yoki uning baholash o‘tkazishda ishtirok etuvchi xodimi bilan sanatsiya qilinayotgan bank rahbariyati yoki xodimlari o‘rtasida moliyaviy munosabatlar mavjudligi;
- baholovchi tashkilot yoki uning baholash o‘tkazishda ishtirok etuvchi xodimi sanatsiya qilinayotgan bank yoki Markaziy bankka aloqador shaxs ekanligi;
- baholovchi tashkilotning mustaqil va xolis baholash o‘tkazishiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar.
Baholovchi tashkilotning sanatsiya qilinayotgan bankda talab qilib olinguncha saqlanadigan hisobvarag‘i yoki uning xodimlarida bank kartalari mavjudligi manfaatlar to‘qnashuvi deb hisoblanmaydi.
Bankni baholash jarayonida aktivlar, majburiyatlar va balansdan tashqari moddalar inobatga olinadi. Baholovchi quyidagilarni hisoblab chiqishi kerak:
- muayyan sanatsiya qilish vositasi qo‘llanilganda bankning har bir turdagi aksiyadorlari va kreditorlari olishi mumkin bo‘lgan qiymat;
- bankni sanatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kunda mazkur bankni majburiy tugatish jarayoni boshlangan taqdirda bankning har bir turdagi aksiyadorlari va kreditorlari olishi mumkin bo‘lgan qiymat;
- hisobdan chiqarilishi va konvertatsiya qilinishi talab etiladigan majburiyatlar qiymati;
- aktiv, huquq va majburiyatlarning o‘tkazilish (sotilish) qiymati hamda aktiv, huquq va majburiyatlar o‘tkazilganda (sotilganda) bank yoki uning aksiyadorlariga to‘lanadigan qiymatlar.
Baholashda tashkilot bozor tahlili ma‘lumotlaridan, bankning holatiga moslashtirilgan tarmoq va bozor ko‘rsatkichlaridan, tarixiy va boshqa muhim ma‘lumotlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, jarayonda biznes-model, risklarni boshqarish, kapitalning yetarliligi va likvidlik ko‘rsatkichlari kabilarga e‘tibor qaratishi lozim.
Hisob-kitoblar asosida baholovchi aksiyadorlar va kreditorlar bank sanatsiya qilinganida ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarni uning tugatilishidagi zararlar bilan solishtirishi lozim.
Agar baholovchi bankni to‘liq baholashda muammolarga duch kelsa, u dastlabki baholashni o‘tkazishi mumkin. Qiyinchiliklar bartaraf etilgach, yakuniy baholash o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida"gi qonunni 2025-yil iyun oyida imzolagan edi. U banklarni sanatsiya qilishning umumiy tartibini, uni o‘tkazish vositalarini, shuningdek, sanatsiyaning maqsadga muvofiqligini baholash tartibini belgilab beradi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 124 ta korxonaning 6 trln so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.