Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Yig‘ilishda 3-sentabr kuni belgilangan yangi tizim doirasidagi vazifalar ijrosi, hududiy shtablar faoliyati va mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati muhokama qilindi.

Yangi tizimga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik va iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan ta’minlash hamda daromadini oshirish masalalarini joyida hal qilishi kerak.

Hozirda barcha hududlarda shtablar ish boshlagan. Ularning faoliyatini tashkil etish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga ikki nafardan, jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirilgan.

Biroq ayrim rahbarlar hali ham ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallalarga chiqib, oilalar va korxonalardagi haqiqiy holatni o‘rganmayotgani tanqid qilindi. Davlat rahbari bunday yondashuv bilan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Hokimlar kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtayi nazaridan qaramasligi zarurligi qayd etildi. Ijtimoiy reyestr aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi, kambag‘allikni qisqartirish esa oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash, ish o‘rni, infratuzilma hamda sharoit yaratish bilan bog‘liq kompleks vazifadir.

Yig‘ilishda har bir tumanda tayyor imkoniyatlarni ishga solish orqali bandlikni oshirish mumkinligi aniq misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, Qo‘shko‘pir tumanida 43 million yevroga qurilgan, 1 300 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamay turgani tanqid qilindi. Korxona faoliyati tiklansa, bank tomonidan krizis-menejer jalb etilib, u to‘liq quvvatga chiqarilishi mumkin.

Shu kabi 124 ta korxonaning 6 trln so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 ming ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi.

Oqoltin tumanidagi Oqoltin mega tekstil korxonasi misolida ham banklar balansiga o‘tgan tayyor obyektlarni qismlarga bo‘lib sotish o‘rniga ularni qayta ishga tushirish orqali yuzlab odamlarni band qilish mumkinligi ko‘rsatildi.

Davlat banklari balansida mavjud 10 trln so‘mlik 2,5 mingga yaqin mol-mulkni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rni tiklanishi mumkinligi aytildi.

Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga o‘tgan korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, yil yakuniga qadar ularni yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish yoki menejer tayinlab, faoliyatini tiklash choralarini ko‘rish topshirildi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.