O‘zbekistonlik qurilish sohasi mutaxassislari Germaniyada ishlashga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Migratsiya agentligi va Germaniyaning RRG AG tashkiloti hamkorligidagi dastur doirasida 200 ta ish o‘rni taklif qilinmoqda. Xodimlar haftasiga besh kun, 40 soat ishlaydi, qo‘lga tegadigan oylik ish haqi esa 2,5 ming yevroni tashkil etadi.

Nomzodlar Germaniyadagi turar joy uchun oyiga 300 yevro hamda oziq-ovqat xarajatlarini o‘z hisobidan qoplaydi.

Dasturda 18−39 yoshdagi, oliy yoki kasb-hunar ta‘limi to‘g‘risidagi diplomga ega nomzodlar qatnashishi mumkin. Ulardan tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik texnikum yoki kollej diplomi hamda so‘nggi besh yil ichida tegishli sohada kamida ikki yillik ish tajribasi talab etiladi.

Ishchilar g‘isht teruvchi, qurilish duradgori, qurilish chilangari, sanoat mexanigi, qurilish krani operatori, qurilish payvandchisi va beton quyuvchi yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilinadi.

Talabgorlar Toshkentdagi Berlitz o‘quv markazida sakkiz oy davomida A1 darajadan B1 darajagacha bepul nemis tili kurslarida o‘qitiladi. Kurs xarajatlari Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan, til sertifikati imtihoni, viza va aviachipta xarajatlari esa ish beruvchi tomonidan qoplanadi.

Nomzodlar bilan olti oylik sinov muddatini o‘z ichiga olgan muddatsiz mehnat shartnomasi tuziladi. Ish haqi, ustamalar, sug‘urta, ta‘til va boshqa mehnat sharoitlari Germaniyadagi xodimlar bilan teng darajada belgilanadi.

Shuningdek, Germaniyaga joylashgandan so‘ng oila a‘zolarini doimiy yashash uchun olib kelish hamda bolalar uchun nafaqa olish imkoniyati mavjud.

Arizalar 30-sentyabrgacha qabul qilinadi. Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktyabrdan boshlab har hafta o‘tkaziladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab o‘qishga jalb etiladi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Serbiyadagi ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.