O‘zbekiston fuqarolari Serbiyada o‘tkaziladigan Expo-2027 xalqaro ko‘rgazmasi doirasidagi qurilish obyektlari va ishlab chiqarish sohalarida ishlashga taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ish haqi bajariladigan ish turi, mutaxassislik va nomzodning malakasiga qarab 700−1500 yevroni tashkil etadi. Ish beruvchi xodimlarni turar joy va oziq-ovqat bilan bepul ta‘minlaydi.
Ishga joylashish rasmiy mehnat shartnomasi va tegishli mehnat vizasi asosida amalga oshiriladi.
Nomzodlardan 18−45 yoshda bo‘lish, rus yoki ingliz tilini boshlang‘ich yoxud muloqot darajasida bilish hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun sog‘lom bo‘lish talab etiladi.
Bundan tashqari, oliy ma‘lumotli va tegishli sohada ish tajribasiga ega qurilish hamda elektr muhandislari uchun alohida ish o‘rinlari mavjud. Ularga 1500 yevrodan boshlanuvchi ish haqi taklif qilinmoqda.
Ishga qabul qilish nomzodning malakasi, ish tajribasi va ish beruvchi talablaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Nomzodlar o‘z ish faoliyati aks etgan 30 soniyali videorolikni Telegram orqali Expo Serbia botiga yuborishlari kerak.
Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidaga bitim qabul qilingandi. Serbiya Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Milisa Stamenkovski ushbu hujjatni tarixiy bitim sifatida baholagan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Serbiyaning xorijiy davlat bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha tuzgan ilk kelishuvi bo‘lib, O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik o‘rnatish niyatini ifodalaydi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston temir yo‘llari Serbiyada temir yo‘l qurilishiga jalb etilishi haqida yozgandi.