Avvalroq 8-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan, Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidaga bitim qabul qilindi.

Serbiya Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Milisa Stamenkovski ushbu hujjatni tarixiy bitim sifatida baholadi. Bu haqda jurnalist Jahongir Olimov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Serbiyaning xorijiy davlat bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha tuzgan ilk kelishuvi bo‘lib, O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik o‘rnatish niyatini ifodalaydi.

“Hujjat Serbiyada ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolariga tizimli kafolat beradi. Ular mahalliy xodimlar bilan mutlaqo teng huquqlarga ega bo‘ladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2027-yil boshidan Serbiyada eng kam oylik ish haqi 600 yevroni tashkil etishi, yil oxiriga borib esa 650 yevroga yetishi kutilmoqda. Vazir mamlakatda yaqin yillarda Expo ko‘rgazmasi o‘tkazilishi sababli malakali va mehnatkash xorijiy kadrlarga, jumladan, o‘zbekistonlik ishchilarga ehtiyoj yuqori bo‘lishini ta’kidladi. “Kelishuv qog‘ozda qolib ketmaydi”, — dedi u.

Bitimni amaliyotga tatbiq etish uchun O‘zbekiston Migratsiya agentligi Serbiyada ishchi kuchiga ehtiyoji bor korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormoqda. Jarayonni tezlashtirish uchun maxsus ishchi guruh ham tuzilgan.

Stamenkovski O‘zbekiston Serbiya bilan bunday bitim imzolagan birinchi va yagona davlat ekanini qayd etdi. Uning aytishicha, hozirgacha Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar tomonidan hech qanday qonunbuzarlik qayd etilmagan.

“Ular qadriyatlarimizni yuksak hurmat qiladi. Xalqimizni mehmondo‘stlik va o‘zaro hurmat kabi umumiy fazilatlar mustahkam bog‘lab turadi”, — deya xulosa qildi Serbiya Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri.

Avvalroq Spot Toshkentdan Belgradga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 7−8 oy ichida yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi.