Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yaqin 7−8 oy ichida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevning mamlakatga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan Serbiya-O‘zbekiston biznes forumida ma’lum qildi.

“Ushbu loyihani amalga oshirish imkonsiz narsa emas va ishonchim komilki, biz parvozlarni 7−8 oy ichida, uzog‘i bilan shu paytdan boshlab yo‘lga qo‘yamiz. Shunday qilib, siz Belgrad-Toshkent muntazam yo‘nalishi bo‘yicha sayohat qilishingiz mumkin bo‘ladi”, — dedi Vuchich.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri reysning yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat o‘rtasidagi, jumladan, odamlar va kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Vuchich yangi yo‘nalishning sayyohlik salohiyatini ham ta’kidladi.

aleksandr vuchich, aviaqatnov, belgrad, parvozlar, serbiya, shavkat mirziyoyev

“O‘zbekiston, Samarqand, Buxoro va Toshkentga ko‘proq sayyohlar keladi va ishonchim komilki, O‘zbekistondan ham mamlakatimizga ko‘plab odamlar tashrif buyuradi”, — dedi Serbiya prezidenti.

2025-yil oktabr oyida Air Serbia Belgraddan Toshkent yoki Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Aviakompaniya yakuniy qarorni yo‘nalishlarning tijorat salohiyatini baholaganidan so‘ng qabul qilishni rejalashtirgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Serbiya erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.