Belgraddagi Serbiya saroyida Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelajakda diplomatik vakolatxonalar ochilishi va parlamentlararo forum tashkil etilishi munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylanmoqda. Yil boshidan buyon yuqori darajadagi delegatsiyalar ishtirokida qator iqtisodiy tadbirlar muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Kecha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bugun ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston — Serbiya biznes forumi o‘tkaziladi.
O‘zaro savdo hajmini birinchi navbatda talab yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berishni kengaytirish hisobiga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va qabul qilish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, kelgusi yili O‘zbekiston Belgrad shahrida bo‘lib o‘tadigan EXPO-2027 xalqaro ko‘rgazmasida o‘zining milliy pavilyoni bilan faol ishtirok etishi qayd etildi.
Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli iqtisodiyot kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarish borasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Barcha kelishuvlarni sifatli amalga oshirish maqsadida 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.




Hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi xususida so‘z bordi. Yetakchilar Samarqand viloyati va Voyevodina hamda Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilganini olqishladi.
Gumanitar sohada taʼlim, madaniyat, sport va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Madaniyat kunlari, kino, teatr va musiqa festivallarini birgalikda o‘tkazish hamda sport federatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga kelishib olindi.
Tartibli mehnat migratsiyasi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Serbiya tomoni ushbu sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqishi yuqori ekani qayd etildi. Prezidentlar tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilinganini olqishladilar.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Erishilgan kelishuvlar, qabul qilingan qaror va bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Serbiyada qurilish sohasida ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.



