O‘zbekistonlik qurilish sohasi mutaxassislari uchun Serbiyada 120 ta ish o‘rni taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Nomzodlar armaturachi, duradgor, qurilish muhandisi, kran operatori va stanok operatori lavozimlariga ishga qabul qilinadi.

Eng ko‘p ish o‘rni armaturachi va duradgorlar uchun ajratilgan — har bir yo‘nalishda 50 tadan. Ularning oylik maoshi 1000 yevroni tashkil etadi.

Shuningdek, 5 nafar qurilish muhandisi 1500 yevro, 5 nafar kran operatori 1200 yevro va 10 nafar stanok operatori 1200 yevro maosh oladi. Barcha maoshlar qo‘lga tegadigan summa sifatida ko‘rsatilgan.

Qurilish muhandislaridan qurilish, ya’ni fuqarolik muhandisligi fakultetini tamomlagan bo‘lish talab etiladi. Kran operatorlari esa balandlikda ishlay olishlari kerak.

Nomzodlar tegishli yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar ta’limiga, O‘zbekistondagi akkreditatsiyadan o‘tgan muassasa sertifikatiga va kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ingliz tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi, rus tilini bilish esa afzallik beradi. Nomzod sudlanmagan, jismonan sog‘lom, mas’uliyatli va jamoada ishlay oladigan bo‘lishi kerak.

Ish haftasiga 5 kun, soat 07:00 dan 17:00 gacha davom etadi. Mehnat shartnomasi kamida bir yilga tuziladi va uni uzaytirish imkoniyati mavjud.

Ish beruvchi ish vizasi va ishlash uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish, O‘zbekistondan Serbiyaga borish xarajatlari hamda aeroportdan yashash joyigacha transfer uchun to‘lovlarni o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, ishchilar yashash joyi, kuniga ikki mahal ovqat va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi.

Nomzodlar 20-avgustgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ish beruvchi bilan onlayn suhbatlar esa 25−28-avgust kunlari o‘tkaziladi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik shifokorlar Chexiya va Slovakiyaga ishga yuborilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ishlash istagidagi oliy ma’lumotli hamshiralar va shifokorlar uchun o‘quv jarayonlari 2026-yil sentabr oyidan boshlanadi.