O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.

17-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning O‘monga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston hukumati bilan O‘mon Sultonligi hukumati o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Hujjat muqaddima va 14 ta moddadan iborat.

Bitim amal qilish muddati kamida olti oy bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportiga ega fuqarolarga vizasiz kirish, tranzit o‘tish va chiqish huquqini beradi.

Shu bilan birga, hujjat ayrim masalalarni tartibga soladi. Xususan, har bir tashrifda 30 kungacha, bir kalendar yili davomida jami 180 kundan oshmaydigan muddatga vizasiz bo‘lish mumkin.

o‘mon, viza, vizasiz rejim

Vizasiz rejim doimiy yashash, o‘qish yoki mehnat ruxsatnomasini talab qiladigan faoliyatga tatbiq etilmaydi. Belgilangan muddatdan ortiq qolish uchun qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq viza olish talab etiladi.

Hujjatda fors-major holatlarida bo‘lish muddatini bepul uzaytirish, pasport yo‘qotilgan yoki shikastlangan taqdirda vaqtinchalik yo‘l hujjati berish va vizasiz chiqish tartibi ham belgilangan. Shuningdek, tomonlar nomaqbul deb topilgan shaxslarning mamlakatga kirishini rad etish yoki ularning bo‘lish muddatini qisqartirish huquqiga ega.

Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bitim ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlarini yengillashtirish, turizm, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bitim tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur ichki tartib-taomillar bajarilgani to‘g‘risidagi so‘nggi xabarnomani olgan sanadan boshlab 30 kun o‘tgach kuchga kiradi. 2024-yilning iyul oyida O‘mon sultonligi O‘zbekiston fuqarolari uchun 14 kunlik vizasiz rejim joriy qilgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Turkmaniston chegaradosh hududlar uchun vizasiz rejimni tiklashi mumkinligi haqida yozgan edi.