Raqamli texnologiyalar vazirligi 2026-yil yakunida raqamli texnologiyalar sohasi vakillari va investorlarning Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘ladigan uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan soha vakillaridan takliflar yig‘ilmoqda, deya ma’lum qildi vazir Sherzod Shermatov o‘z Telegram sahifasida.

Vazir O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi, takomillashtirish zarur bo‘lgan yo‘nalishlar hamda 2027-yil uchun ustuvor vazifalar bo‘yicha fikr bildirishni so‘ramoqda.

Ishtirokchilardan raqamli sektorning 2026-yildagi rivojlanishini baholash, Land of Startups, President AI Award, 5 Million AI Leaders va IT Park dasturlari kabi tashabbuslardan qaysilari foydali ekanini belgilash so‘raladi. Biznes duch kelayotgan muammolar, raqamli infratuzilmaning qaysi yo‘nalishini yaxshilash kerakligi va 2027-yilgi ustuvor vazifalar haqida ham savollar bor.

Alohida savol xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilishga bag‘ishlangan: qanday imtiyozlar ularni O‘zbekistonda mintaqaviy bosh ofis, R&D yoki sun’iy intellekt markazi ochishga undashi mumkin. Variantlar qatorida soliq imtiyozlari, xorijiy mutaxassislar uchun viza tartibini soddalashtirish va ofis bilan ta’minlashda davlat ko‘magi bor.

So‘rovnomani anonim to‘ldirish mumkin, kontaktlarni qoldirish ixtiyoriy.

Ta’kidlanishicha, takliflar asosiy muammolarni aniqlash, prezidentga zarur normativ-huquqiy o‘zgartirishlar bo‘yicha takliflar kiritish va kelgusi rejalarni shakllantirishga yordam beradi.

“Sizning fikr-mulohazalaringiz asosiy muammolarni aniqlash, prezidentimizga zarur normativ-huquqiy o‘zgarishlar bo‘yicha takliflar kiritish va kelgusi rejalarimizni shakllantirishga yordam beradi”, — deb yozadi vazir.

Takliflarni onlayn so‘rovnoma orqali yuborish mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda $5 mln lik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.