Telegram macOS ilovasining beta-versiyasida chatlarni maxsus sirli ibora yordamida yashirish va ochish imkonini beruvchi yangi funksiya aniqlangan.

Qayd etilishicha, u foydalanuvchilarga ayrim yozishmalarni asosiy chatlar ro‘yxatidan yashirish imkonini beradi.

Yangi funksiya Hidden Chats (Yashirin chatlar) deb nomlanadi. Uni faollashtirish uchun kamida 8 belgidan iborat maxsus ibora o‘rnatish kerak. Ushbu ibora Telegram’ning qidiruv satriga kiritilganda yashirilgan chatlar bo‘limi ochiladi.

Yashirilgan chatlar asosiy ro‘yxat, papkalar va qidiruv natijalarida ko‘rinmaydi. Ulardan keladigan xabarlar haqida bildirishnomalar ham ko‘rsatilmaydi va ilova belgisidagi o‘qilmagan xabarlar hisoblagichiga qo‘shilmaydi.

Shuningdek, yashirin chatlar ishtirokchilaridan keladigan qo‘ng‘iroqlar ham bo‘lim ochiq bo‘lmagan paytda avtomatik rad etiladi.

Yashirin bo‘lim ekran qulflanganda, Mac uyqu rejimiga o‘tganda yoki besh daqiqa harakatsizlikdan keyin avtomatik yopiladi. Foydalanuvchilar turli sirli iboralar yordamida alohida chatlar to‘plamini ham yashirishi mumkin.

Hozircha funksiya Telegram’ning macOS uchun beta-versiyasida aniqlangan. Yashirish sozlamalari boshqa qurilmalarga sinxronlanmaydi. Sirli ibora unutilgan taqdirda, uni tiklash imkoni bo‘lmaydi — akkauntdan chiqib, qayta kirish talab etiladi.

Yangi funksiya Telegram’dagi maxfiy chatlardan farq qiladi. U yozishmalarni end-to-end shifrlash bilan himoyalamaydi, balki chatlarni ilova interfeysidan yashirishga mo‘ljallangan.


Avvalroq Spot Iordaniya va Iroq noqonuniy kontent tufayli Telegram’ni bloklagani haqida yozgandi.